Sport | 15:13 / 02.03.2021
19529
8 daqiqa o‘qiladi

Osiyo rekordini yangilagan Mohigul: u endi Tokioni zabt etmoqchi

Joriy yilning 10–14 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida para yengil atletika bo‘yicha Gran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada munosib ishtirok etgan para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 13ta oltin, 5ta kumush va 6ta bronza, jami 24ta medal bilan qaytdi.

Ushbu musobaqada Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidan Mohigul Hamdamova ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, Gran-prining oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritgandi.

U disk uloqtirish musobaqasining F57 klassida 32,49 metr natija ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritgan va Osiyo rekordini yangilashga muvaffaq bo‘lgan. Yadro uloqtirish musobaqasida esa kumush medal sohibiga aylangan.

«Shuncha orzu qilib kutgan kunlarim keldi. 35ta o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlaridan keyin musobaqa boshlandi. Stadionga olib kirishdi, qarasam, raqiblarim otishmoqda. Hayajondaman. Yaratgandan nola qilib so‘radim: «Allohim, yuzimni yorug‘ qilgin», deya.

Keyin sektorga olib kirishdi. Birinchi otgan toshim 29,80 natijada chiqdi. Undan keyin 31,37 chiqdi. Orada bittasini hisobga olmadi. Chunki, otish jarayonida stolda qimirlash mumkin emas edi. Men bittasini otishda qimirlab yubordim. Oxirgisini otishda ko‘zlarimni mahkam yumdim. Ko‘z oldimga onam, vatanim, ustozlarim qilgan mehnatlari keldi. So‘nggi uloqtirishimda 32,49 metr natija qayd etilgan ekan. Tabloda 32 sonining o‘zini ko‘rdim. Davomini ko‘ra olmadim. Odamlar to‘sib qolishgan edi. Odamlar «O‘zbekiston, O‘zbekiston» deya baqira boshladi. Ustozlarim ham xursand bo‘lib baqira boshladi. To‘g‘risi, o‘zim ham Osiyo rekordini yangilashni kutmagan edim», deydi sportchi qiz.

Sportchining onasi Xolidaxon Hamdamova suhbatga aralashdi.

«Musobaqa boshlanishini intizorlik bilan kutdim. O‘zimga sig‘masdim. Soat tonggi to‘rtlarga yaqin kuyovim telefon qildi: «Ona, tabriklang, qizingiz oltin medalni qo‘lga kiritdi», dedi. O‘zimga sig‘may ketdim. Shu vaqt akasi kelib qoldi. O‘g‘limni mahkam quchoqlab, yig‘lab yubordim», deydi onaxon ko‘z yoshlarini yashira olmasdan.

Mohigul Hamdamova 1995 yilda Uchko‘prik tumanining «To‘qsonqovun» mahallasida tug‘ilgan. 2011-2015 yillarda Farg‘ona shahar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kollejida o‘qigan. Uni bitirgach, Qo‘qon davlat pedagogika institutining jismoniy madaniyat fakultetiga hujjat topshiradi, ammo kirish imtihonlaridan o‘ta olmaydi.

Kasbiy imtihonlarni topshirish jarayonida bu qizning dadil harakatini ko‘rgan Azizjon Normatov unga yengil atletika bilan shug‘ullanishni taklif qiladi va u 2018 yildan buyon sportning yengil atletika turi bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelmoqda. U O‘zbekistonda o‘tkazilgan musobaqalarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallaydi.

2018 yilda Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etib, sportning yengil atletika turi — nayza uloqtirish yo‘nalishi bo‘yicha ayollar o‘rtasida kumush medalni qo‘lga kiritadi. 2019 yilda Tunis Gran-prisida disk uloqtirish va nayza otish yo‘nalishlarida 2ta oltin va yadro uloqtirish bo‘yicha bitta kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Ayni kunlarda sportchi qiz Qo‘qon davlat pedagogika institutining jismoniy madaniyat fakulteti I bosqich talabasi. Onasi Xolidaxon opaning bildirishicha, u Mohigulga og‘iroyoq bo‘lganida salomatligida muammolar paydo bo‘lgan. Ona kuchli shamollash va kamqonlik kasalligiga chalingan.

 

Xolidaxon Hamdamovaning aytishicha, Mohigul bolaligidan imkoniyati cheklangan bolalar bog‘chasiga borgan. U bog‘chadagi musobaqalarda ham faol ishtirok etib kelgan. Shundan so‘ng, Mohigul maxsus maktabga borishni boshlagach ham tengdoshlari orasida o‘zining epchilligi, chaqqonligi bilan ajralib turgan.

«Maktabga borishni boshlagach, o‘qituvchisiga — alohida ta'lim demasdan, bolalarning orasida yurishini iltimos qildim. Barcha bolalar qanday bilim olsa, mening ham bolam shunday ilm olishi kerak, deb aytdim. Shunday vaqtlar bo‘lardi, yo men, yoki dadasi orqamizga ko‘tarib maktabga olib kelib, maktabdan olib ketar edik. Qizimda yoshligidan sportga qiziqish bor edi», deydi Xolidaxon aya.

Qahramonimiz Mohigul — oilali. U turmush o‘rtog‘i Farruxbek bilan oila qurganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Sportchining baxti ham aslida shu, u turmush o‘rtog‘i tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanadi. Suhbatimiz davomida u bizga eng katta kuchni onasidan olishini aytar ekan, turmush o‘rtog‘ining e'tibori va e'tiroflarini ham alohida bayon qilib o‘tdi.

«Yig‘lagan kunlarim bo‘ladi. Shunday kunlarim bo‘ladiki, ba'zan ichimga sig‘may ketaman. Zerikaman. Shunday kunlari, albatta, onamga telefon qilaman. Ularga dardimni aytib yig‘layman. Ular menga dalda beradi. «Nimaga zerikasan? Barchasini shu vaqtga qadar uddalab kelding, bundan bu yog‘iga ham eplashing, uddalashing shart. Harakat qil. Barchasini uddalaysan», — deydi. Onam bilan gaplashib bo‘lgach, telefonni o‘chiraman. Ularning nasihatlari va daldalari menga katta rag‘bat bo‘ladi», demoqda Mohidil.

Sportchi bilan suhbatlashib, uning hayotga bo‘lgan qiziqishi, g‘alaba sari intilishi, bor imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishi  muvaffaqiyatlari siri ekanligiga amin bo‘ldik. Qahramonimiz yosh sportchilar bilan uchrashuvlarda, suhbatlarda ham inson hamisha oldinga intilishi, o‘zida qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘ra olishi lozimligini ta'kidlaydi.

Mashg‘ulot maydonchasi Mohigulning ikkinchi uyiga aylangan. Yengil yugurish, maxsus mashqlar, detallar bilan ishlash. Jarayon davomida bir oyog‘i protez bo‘lsa-da, barcha mashqlarni osonlik bilan bajarayotgan Mohigulning iqtidori va sabr-u bardoshiga yana bir qoyil qoldik.

Mashg‘ulotlarda sportchi o‘rnashayotgan mana bu anjomga e'tibor bering, sportchining oyog‘lari unga mahkam bog‘lanadi. U sportchi joyidan siljimagan holda disk, yadro yoki nayzani uzoqroq masofaga uloqtirishida muhim sanaladi.

Sportchining yaxshi natijalarni qayd etishida murabbiyning o‘rni ham alohida ahamiyatlidir. Mohigul mashg‘ulotlarda ham, musobaqalarda ham murabbiylarining har bir tavsiyasi, ko‘rsatmasiga rioya etishga harakat qiladi.

«Men Mohiguldagi bitta fazilatni yaxshi ko‘raman hamda qadrlayman. U har qanday musobaqa jarayonida o‘ziga topshirilgan vazifani a'lo darajada bajaradi. O‘ylaymanki, bizni kutib turgan Tokio-2021 yil paralimpiada musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qiladi va bunga tayyorgarlikni hozirdan boshlaganmiz», deydi sportchining murabbiyi Azizjon Normatov.

Hayot — sinovlardan iborat. Uning o‘n beshi yorug‘ bo‘lsa, o‘n beshi qorong‘i. Mohigul bugun hayotning ana shu mashaqqatlarini yengib o‘tgan, matonat sohibasiga aylandi. Uning baxtli oilasi, atrofida qo‘llab-quvvatlovchilari bor.

«Ayol kishi uchun bundan ortiq baxti bormi?», deydi qahramonimiz. U ayni damda Tokio paralimpiadasiga litsenziya beruvchi reyting jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda. Mohigulga Tokio o‘yinlarida ham omad yor bo‘lsin.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi — Po‘lat Xudoyberdiyev.

Mavzuga oid