O‘zbekiston | 10:55 / 04.03.2021
2502
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va BAA yangi investitsiya loyihalari bo‘yicha ishchi guruh tuzadi

Foto: Dunyo

Kecha, 3 mart kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazrui bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Muzokaralar chog‘ida energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma sohalaridagi joriy va istiqbolli loyihalar, shuningdek, O‘zbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari investitsiyaviy hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, logistika, turizm, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida umumiy qiymati qariyb 400 million dollarlik 17 istiqbolli investitsiya loyihasini o‘rganayotgan O‘zbekiston - Amirliklar qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyati ijobiy jihatdan ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni Amirliklar tarafiga tibbiyot muassasalari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxivining yangi binosi qurilishida ko‘rsatilayotgan moliyaviy-texnik yordam uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan birga, tomonlar savdo-investitsiyaviy sohadagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi. Qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, logistika, metallni qayta ishlash va moliyaviy xizmatlar kabi sohalarda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish maqsadida ishchi guruh tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid