Jahon | 09:34 / 04.03.2021
7307
2 daqiqa o‘qiladi

SpaceX’ning Starship kemasi prototipi qo‘ngandan keyin portlab ketdi

SpaceX kompaniyasining Oy va Marsga parvozlar uchun ishlab chiqilayotgan Starship fazoviy kemasi prototipi suborbital sinov parvozini bajarib, yerga qo‘ngandan bir necha daqiqa o‘tib portlab ketdi.   

Starship SN10 kemasi parvozi kompaniyaning Texas janubidagi Boka-Chika aholi punktida joylashgan poligonidan amalga oshirilgan. Kema sinov doirasida 10 km balandlikka ko‘tarilgan. Butun parvoz 6,5 daqiqa vaqt olgan. 

Biroq kema ilk bor muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgach, bir necha daqiqadan keyin alangalanib, portlab ketgan.

SpaceX asoschisi Ilon Mask buni dvigatelning tortish kuchi noto‘g‘ri sozlangani bilan tushuntirgan. 

Kemaning 2020 yil dekabrda o‘tkazilgan 2ta sinov parvozi vaqtida ham qurilmalar parvoz maydonchasiga qo‘nishi bilan portlab ketgan.

Ko‘p marotaba qo‘llanuvchi Starship kemasi Oy va Marsga odamlarni yetkazish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘z bortiga 100 nafargacha odam olishi mumkin. Maskning ta'kidlashicha, kema 2026 yildayoq Marsga odamlarni yetkaza olishi mumkin.

Mavzuga oid