O‘zbekiston | 17:34 / 05.03.2021
8273
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Tojikistondagi yangi elchixonasi quriladigan joy aniq bo‘ldi

Foto: adb.org

O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi uchun yangi bino quriladi. Elchixona binosi uchun Dushanbe shahrining Zarafshon mavzesidan 1,2 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu haqda Dushanbe shahar hokimligidagi manbaga tayanib «Aziya plyus» xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonning Tojikiston poytaxtidagi elchixonasining yangi binosi Dushanbe shahridagi Zarafshon mavzesida, AQSh elchixonasi yonida quriladi. Elchixonaning yangi binosi joylashgan majmua 2022 yil oktyabr oyida foydalanishga topshiriladi.

2018 yil avgust oyida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida imzolangan diplomatik vakolatxonalarni qurish uchun o‘zaro yer maydoni taqdim etish to‘g‘risidagi kelishuvga muvofiq, Tojikiston tomoni Dushanbe O‘zbekiston elchixonasining yangi binosini qurish uchun umumiy maydoni 1,2 gektar bo‘lgan yer maydoni ajratgan.

Qayd etilishicha, avvaliga O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi yangi binosi Dushanbeda Rossiya, Afg‘oniston, Eron va Germaniya diplomatik vakolatxonalari joylashgan hududida qurilishi rejalashtirilgan. Biroq bu hududda bo‘sh yer bo‘lmagan. Shundan so‘ng yangi manzil tanlangan.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonning Dushanbedagi yangi elchixonasi majmua tarzida quriladi. Bu yerda elchixona binosi, konsullik masalalari bo‘yicha fuqarolarni qabul qilish uchun alohida bino, elchi qarorgohi, nazorat punktlari, texnika-muhandislik bo‘limi, sport inshootlari, oltita mashina sig‘adigan yopiq va elchixona xodimlari hamda bu yerga tashrif buyuruvchilar foydalanishi uchun ochiq maydonda avtoturargoh qurilishi rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, hozirda O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi Dushanbe shahrida Sanoi ko‘chasi 30-uyda joylashgan. Tojikistonning O‘zbekistondagi elchixonasi esa Toshkent shahrida Abdulla Qaxhor ko‘chasi, 61-uyda joylashgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid