Jahon | 09:39 / 09.03.2021
3238
2 daqiqa o‘qiladi

Estoniyada bir oyga lokdaun kiritiladi

Estoniyada 11 martdan boshlab koronavirus tarqalishiga qarshi qat'iy karantin choralari amal qila boshlaydi. Hukumatda xabar qilinishicha, lokdaun kamida bir oyga kiritiladi va bu mamlakatda koronavirusning britancha shtammi tez tarqalayotgani bilan bog‘langan.
        
“Oxirgi ma'lumotlarning ko‘rsatishicha, virusning tajovuzkorroq britancha shtammi Estoniyada prognoz qilingandan jadalroq tarqalmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimimiz inqiroz holatida”, deb aytgan Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas. Uning ta'kidlashicha, vaziyat butun mamlakat bo‘ylab, ayniqsa poytaxt Tallin va shimolda keskin tus olgan. Kallasning fikricha, faqat cheklovlargina inqirozdan chiqishga yordam beradi.

Lokdaun doirasida barcha yoshdagi o‘quvchilar masofadan o‘qishga o‘tkaziladi. Do‘konlar, tamaddixonalar yopiladi, ommaviy tadbirlar taqiqlanadi. Ko‘chalarda “2+2” qoidasi o‘rnatiladi: bunda 2 kishi (bir oila a'zolaridan tashqari) qolgan odamlardan 2 metr masofa saqlagan holda yonma-yon bo‘la olishi mumkin. Sport bilan faqatgina yakka holda shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Estoniyada 1-7 mart kunlari pandemiya boshidan beri eng yuqori haftalik kasallanish darajasi qayd etildi. Mamlakatda bir hafta ichida 9,4 mingdan ko‘proq kishi virusga chalingan. Kasallanganlar soni umumiy hisobda 76,2 mingdan oshib ketgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid