Jahon | 21:59 / 10.03.2021
19300
5 daqiqa o‘qiladi

Livan: maoshlar qulamoqda, askarlar ochlik yoqasida, jinoyatchilik o‘smoqda

To‘xtamayotgan moliyaviy va iqtisodiy inqiroz tufayli Livan funti 2019 yil dekabridan buyon 85 foizga qadrsizlandi. Hukumat o‘tgan yil avgustida, Bayrut portidagi portlashdan keyin iste'foga chiqqandi, shu vaqtgacha yangi hukumat shakllantirilmadi.

Foto: Reuters

Armiya bosh qo‘mondoni Jozef Aun dushanba kuni siyosatchilarni ogohlantirib, inqiroz qurolli kuchlar mavjudligini xavf ostiga qo‘yganini aytdi.

«Askarlar ham och qolishmoqda, xuddi xalq kabi. Ularga armiya kerakmi o‘zi? Sizlar armiya mustahkam oyoqda turishini xohlaysizmi yoki yo‘q? Ularga baribir ekan», degan general dushanba kungi matbuot anjumanida.

Namoyishchilar poytaxt yo‘llarida va undan tashqarida barrikadalar qurishda davom etmoqda.

General Aun o‘z g‘azabi kimlarga qaratilganiga aniqlik kiritmagan.

Bir kun oldinroq mamlakat prezidenti Mishel Aun shoshilinch yig‘ilish chaqirib, kuch ishlatar tuzilmalardan muxolifat aksiyalari vaqtida poytaxtdagi yo‘llar to‘sib qo‘yilishiga yo‘l qo‘maslikni talab qilgandi.

(Jozef va Mishel Aun - familiyadoshlar. Ikkisi ham general maqomiga ega).

General Jozef Aun armiya tarqalib ketishi xavfidan ogohlantirdi /Getty Images

Harbiylar to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga qarshi borishmayapti. Ammo Reuters agentligi manbasining aytishicha, prezidentning talabi u va bosh qo‘mondon o‘rtasida nizo keltirib chiqargan.

Dushanba kuni Jozef Aun siyosatchilarni uchinchi yil davom etayotgan inqirozdan chiqish yo‘lini topishga chaqirdi.

«Zobitlar ham ochlikdan jabr chekishmoqda. Men amaldorlarga murojaat qilmoqchiman: siz qayerga ketyapsiz? Nimani kutyapsiz? Nimani rejalashtirgansiz?» - degan general.

«Armiyaning parchalanishi bu tuzilmaning tugashini anglatadi, bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Armiya tutib turibdi va 75-yil tajribasi takrorlanmaydi», - degan Aun Livanda 1975-1990 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolik urushini nazarda tutgan holda.

Zobitlar dezertirlik darajasi oshishidan xavfsiramoqda / Reuters

O‘tgan haftada Livan funti yana bir bor rekord darajada qadrsizlangandi.

Bu valuta 2019 yildan buyon 85 foizga qadrsizlangan. Amerika valutasiga hisoblaganda, askarlar va politsiyachilarning maoshi 800 dollardan 120 dollargacha pastlagan.

O‘tgan yilda armiya askarlar ratsionidan go‘shtni chiqarishga majbur bo‘lgandi. Fevral oyida Fransiya elchixonasi Livan armiyasi uchun oziq-ovqat xayriya qildi.

Aholining katta qismi haddan tashqari qashshoqlik girdobida qolgan, barcha sohalarda maoshlar tinimsiz tushib bormoqda, narxlar esa o‘sishda davom etmoqda.

Armiya va ichki ishlar vazirligi kuchishlatar tuzilmalardagi dezertirlik holatlari haqidagi xabarlarni rad etmoqda. Ammo Reuters agentligining uch manbasi armiya va politsiyaning quyi pog‘onalaridagi holat chindan ham xavotirli tus olganini tan olgan.

Bayrutda uch yildan buyon norozilik namoyishlari to‘xtamaydi / EPA

BBC bilan o‘z shaxsini sir tutishni so‘ragan holda gaplashgan harbiylardan birining aytishicha, u xizmatdan ketish haqida o‘ylamoqda, chunki unga oilasini boqish va kvartira uchun ijara haqini to‘lash uchun pul yetishmayapti. U xizmatdoshlaridan uch nafari jinoiy ish ochilishi xavfi mavjudligiga qaramasdan, o‘z postini tashlab ketganini aytib bergan.

Zobitning tan olishicha, iste'foga chiqish bo‘yicha arizasi rad etilsa, qochishga to‘g‘ri keladi.

Uning hamkasblaridan birining aytishicha esa, dezertirlar soni inqirozgacha bo‘lgan davrdagidan ko‘p farq qilmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarzlar va mehnat bozorida istiqbollar yo‘qligi xizmatda qolishga «kuch beradi».

Inqiroz jinoyatchilik darajasi oshishiga ham sabab bo‘lgan. Politsiya ma'lumotlariga asoslanib tadqiqot o‘tkazgan Information International firmasi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 2020 yilda qotilliklar soni 91 foizga, talonchilik holatlari soni 57 foizga oshgan.

Politsiya matbuot xizmati bu ma'lumot bo‘yicha izoh bermadi.

Yo‘llarda xavfsizlikni ta'minlash bilan shug‘ullanadigan YASA xayriya tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida Livan ko‘chalaridan 10 mingga yaqin lyuk qopqoqlari yo‘qolib qolgan.

Bunday qopqoqlarni o‘g‘irlab, cho‘yan xaridorlariga har birini 100 funtdan sotishadi - bu mamlakatdagi bir oylik minimal iste'mol xarajatlaridan ko‘proq.

Mavzuga oid