O‘zbekiston | 09:15 / 10.03.2021
5466
2 daqiqa o‘qiladi

Vaqtincha saqlash hibsxonalari ichki tartib-qoidalariga o‘zgartirish kiritiladi

Ichki ishlar vazirining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib-qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalari ichki tartib-qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, sud, prokuror, himoyachi yoki vaqtincha saqlash hibsxonalarini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yo‘llangan ariza, taklif va shikoyatlar senzuradan o‘tkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda oluvchilarga yuboriladi yoki topshiriladi, telegrammalar esa darhol yuboriladi.

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning va prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning nomiga yuborilgan shikoyatlar muassasa ma'muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas hamda oluvchiga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) va prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning javobi muassasa ma'muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va arizachiga darhol yetkazib beriladi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi yoki tergovchi harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs tomonidan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organga, surishtiruv organiga, tergov organi boshlig‘iga yoxud prokurorga, prokuror harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar esa yuqori turuvchi prokurorga yuboriladi yoki topshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid