O‘zbekiston | 11:20 / 22.03.2021
3375
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat gazda ishlovchi apparatlar xavfsizligi bo‘yicha qaror qabul qiladi

Vazirlar Mahkamasining “Gaz holatidagi yonilg‘ida ishlovchi apparatlarning xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Ushbu umumiy texnik reglament O‘zbekiston hududida gaz holatidagi yonilg‘ida ishlovchi apparatlar ishlab chiqarish va undan foydalanishdagi majburiy yagona talablarni belgilaydi.

Agar gazdan foydalanadigan uskunalarga nisbatan mazkur texnik reglament talablaridan farqli bo‘lgan boshqa texnik reglamentlar qabul qilinsa, gaz holatidagi yonilg‘ida ishlovchi apparatlarga nisbatan ushbu qabul qilingan texnik reglament talablari qo‘llaniladi.

Texnik reglament O‘zbekiston hududida muomalaga chiqarilgan gaz holatidagi yonilg‘ida ishlovchi apparatlar uchun tatbiq qilinadi.

Reglamentda gaz holatidagi yonilg‘ida ishlovchi apparatlar sifatida quyidagilar tushuniladi:

a) pishirish, isitish va issiq suv ta'minotiga mo‘ljallangan, shuningdek kombinatsiyalashgan apparatlarni o‘z ichiga oluvchi apparatlar;

b) blokli avtomatik gorelkalar hamda gaz holatidagi yonilg‘ida ishlovchi blokli avtomatik gorelkali apparatlar;

v) uskunaga o‘rnatish uchun mo‘ljallangan va apparatdan alohida bo‘lgan muomaladagi apparatlar, shuningdek, boshqarish, rostlash va xavfsizlik apparatlari;

Reglament talablari loyiha ilovasiga muvofiq ro‘yxatda keltirilgan gaz holatidagi yonilg‘ida ishlovchi apparatlarga nisbatan o‘rnatiladi.

Reglament quyidagi gaz holatidagi yonilg‘ida ishlovchi apparatlar turlariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

a) bug‘ bosimi 0,07 Mpa.dan katta bo‘lgan bug‘ qozonlari va suv harorati Tselsiy bo‘yicha 115 darajadan ortiq bo‘lgan suv qizdirish qozonlari;

b) 1-ilovada keltirilgan ro‘yxatdagi apparatlardan tashqari, sanoat korxonalarida texnologik jarayonlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan apparatlar;

v) gazni motor yonilg‘isi sifatida ishlatadigan apparatlar.

Gaz ishlatiluvchi apparatlarni tavsiflovchi muhim belgilar quyidagilardir:

a) gaz ishlatiluvchi apparat nomi, modeli (turi) va vazifasi;

b) ishlatiladigan gaz turi va nominal bosimi;

v) nominal issiqlik quvvati;

g) elektr toki kuchlanishi va chastotasi (elektr tarmog‘iga ulanadigan gaz ishlatiluvchi apparatlar uchun).

Gaz ishlatiluvchi apparatlarni identifikatsiyalash texnik reglamentda ko‘rsatilgan belgilarni hisobga olgan holda, ularni qadoqlash, tamg‘alash va ekspluatatsiya hujjatlarida ko‘rsatilgan, gaz ishlatadigan apparatlar tavsiflari bilan taqqoslash usulida amalga oshiriladi.

Texnik reglament talablari inson hayoti va (yoki) sog‘ligi, mol-mulki, atrof-muhit, hayvonlar va o‘simliklar hayoti va (yoki) sog‘ligini himoya qilish, energetik samaradorlik va tejamkorlikni ta'minlashda uning vazifasi va xavfsizligiga nisbatan iste'molchi (foydalanuvchi)larni chalg‘itishning oldini olish maqsadida o‘rnatiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid