O‘zbekiston | 13:03 / 22.03.2021
2416
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi savdo bo‘yicha 4ta yangi kontrakt turi joriy etiladi

Foto: Dreamstime

Vazirlar Mahkamasining “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, prezidentning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida hamda 2021 yil 3 fevraldagi “Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–6155-son farmonida xorijiy buyurtmachi mavjud bo‘lmaganda qayta ishlash operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berish topshirig‘i berilgan.

Shuningdek, prezidenti administratsiyasining 2021 yil 3 fevraldagi topshirig‘i bilan mahalliy eksportchi korxonalar uchun xorijiy davlatdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish tizimini joriy etish topshirig‘i berilgan.

Yangi qaror loyihasida tovarlarni “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirish amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolar o‘z yechimini topgani aytiladi.

Xususan, tashqi savdo kontraktlari tushunchasi kengaytirilib, quyidagi 4ta yangi kontrakt turi kiritiladi:

  • olib kirish kontrakti;
  • olib chiqish kontrakti;
  • sotib olish kontrakti;
  • sotish kontrakti.

Nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar natijasida:

  • olib kirish kontrakti asosida tadbirkorlik sub'yektlari xorijiy buyurtmachisi mavjud bo‘lmagan hollarda ham chet el tovarlarini “bojxona hududida qayta ishlash”, “bojxona ombori”, “vaqtincha saqlash”, “erkin ombor” hamda “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimlariga rasmiylashtirishi;
  • olib chiqish kontrakti asosida olib kirish kontrakti bo‘yicha olib kelingan tovarlarni xorijiy xaridor topgandan so‘ng reeksport qilish;
  • sotib olish kontrakti asosida tovarlarni respublika hududiga olib kirish shartisiz sotib olish;
  • sotish kontrakti asosida ushbu tovarlarni xorijiy xaridorga sotish imkoniyatlari yaratiladi.

Bildirilishicha, mazkur tartibning amaliyotga tatbiq etilishi import hajmi qisqarishiga, yangi ishlab chiqarish turlarini kengaytirishga, tranzit savdoni rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga hamda mamlakatning xizmatlar eksporti salohiyati oshishiga erishiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid