Sport | 16:52 / 25.03.2021
1121
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiylik qilichboz «Tokio-2020» yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi

«Tokio-2020» Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi, navoiylik Malika Hakimova Jahon kubogi hamda Osiyo kubogida muntazam ravishda ishtirok etib, jahon chempionati saralash musobaqasi yakuniy natijalariga ko‘ra, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi — FIYe qaroriga binoan to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziya olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ma'lum qilishicha, Malika Hakimova 21-24 mart kunlari Qozon (Rossiya) shahrida bo‘lib o‘tgan yakuniy saralash chempionatida qilichbozlikning shpaga turida ishtirok etib, o‘z shaxsiy hisobiga qimmatli ochkolar yig‘ishga erishgan. Natijada, Tokiodagi Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani qo‘lga kiritish uchun FIE tomonidan ruxsat etilgan jahon reytingidagi ballar yig‘indisi unga yetarli bo‘lgan.

Qilichbozlik bo‘yicha ayollar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritilgan ushbu litsenziya O‘zbekiston tarixida ilk bor qayd etildi.

Malika Hakimova Navoiy shahridagi «So‘g‘diyona» sport kompleksida 10 yoshidan qilichbozlik bilan shug‘ullana boshlagan. 2013 yilda kadetlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati shaxsiy bahslarida birinchi oltin medalini, 2015 yilda o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ikkinchi oltin medalini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Qozog‘istondagi xalqaro musobaqalarda ham oltin medal sohibi bo‘lgan. 2019 yilda xalqaro «Satellit» va Markaziy Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid