Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston | 08:32 / 27.03.2021
3612
2 daqiqa o‘qiladi
Navoiy va Jizzax viloyatlarida plyaj hamda dam olish obektlari quriladi
Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida suvda dam olish va plyaj turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Qayd etilishicha, 2021-2025 yillarda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda To‘dako‘l ko‘lida rekreatsion ko‘llar hududi tashkil etiladi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, quyidagilar rekreatsion ko‘llar hududida ustuvor ravishda amalga oshiriladigan yo‘nalishlar etib belgilanadi:
- zamonaviy turizm infratuzilmasi obektlarini (plyaj va suvda dam olish turizmi, ko‘llar qirg‘og‘i bo‘ylab sayr qilish yo‘laklari, mehmonxona majmualari, sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar, turistik ahamiyatdagi boshqa obektlar) barpo etish hamda turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
- hududning ekologik muhiti imkoniyatlarini hisobga olgan holda, turizmning alohida turlari, shu jumladan zamonaviy plyaj, faol va safari turizm hamda suv sporti turlarini tashkil etish;
- hududda noyob tabiiy obektlar va majmualarni, o‘simliklar hamda hayvonlarning genetik fondini saqlash, shuningdek, faoliyatning atrof-muhitga salbiy ta'sirini oldini olish va minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- hududning transport logistikasini rivojlantirish, hududda transport harakatining yangi (avtobus, mikroavtobus, funikulyor va boshqalar) yo‘nalishlari hamda yo‘lovchi transportining harakatini tashkil etish;
- turistlar xavfsizligi uchun hududni videokuzatuv tizimlar bilan jihozlash, ogohlantirish tizimlarini tashkil etish va favqulodda holatlarda tez yordam berish tizimini joriy etish;
- hududda energiyaning muqobil va qayta tiklanuvchi manbalarini qo‘llagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar hamda texnologiyalarni joriy qilish.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish