Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Indoneziyadagi neftni qayta ishlovchi yirik zavodda kuchli portlash yuz berdi
Indoneziyaning Balongan shahridagi (G‘arbiy Yava provinsiyasi) neftni qayta ishlovchi yirik zavodlardan birida portlash va uning oqibatida yong‘in yuz berdi.
Reuters axborot agentligining xabar berishicha, portlash 29 mart kuni ertalab PT Pertamina neft-gaz kompaniyasiga tegishli zavodda sodir bo‘lgan.
Voqea oqibatida kamida 20 kishi jarohatlangan. Ulardan 5 nafari og‘ir darajadagi kuyish jarohatlari olgan.
Indoneziya hukumati yaqin atrofdagi hududlardan mingga yaqin odamni evakuatsiya qilgan. Ayni vaqtda zavodda yuzdan ko‘proq o‘t o‘chirish mashinasi yong‘inga qarshi kurashni davom ettirmoqda.
Voqeaning aniq sababi hozircha noma'lum. Biroq ta'kidlanishicha, portlashdan oldinroq hududda momaqaldiroq va kuchli yomg‘ir kuzatilgan. Favqulodda vaziyatga korxonadagi obektlardan birini chaqmoq urishi olib kelgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.