O‘zbekiston | 18:13 / 05.04.2021
77264
2 daqiqa o‘qiladi

Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga sud hukmi o‘qildi

Toshkent viloyati sobiq bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, u 3 yil muddatga mansabdor sifatida ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Bugun, 5 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan sud jarayonlari nihoyasiga yetdi.

Sudlanuvchilarga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sud hukmiga ko‘ra, Yo‘ldosheva Guljahon Toirovna JKning 167-moddasi 2-qismi «a, b, v, g» bandlari, 207-moddasi 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan deb topildi.

Shifokor, shuningdek, JKning 25, 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ham ayblangan edi, ammo u ushbu ayblov bo‘yicha sud tomonidan JPKning 83-moddasi 1-qismiga asosan reabilitatsiya qilindi.

Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida Guljahon Yo‘ldoshevaga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatiladigan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shifokorga soat 22:00 dan 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqmaslik, mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyidan tashqariga chiqmaslik va yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi cheklovlar belgilandi.

Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan, Guljahon Yo‘ldosheva 2020 yil 8 sentyabrda ushlanib, sud hukmi chiqarilgan kun, ya'ni 2021 yil 5 aprelga qadar unga nisbatan qamoqqa olish va uy qamog‘i ehtiyot choralari qo‘llanilganini inobatga olib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi muddatidan 6 oy 27 kunni chiqarib, o‘tash uchun unga 3 yil 5 oy 3 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid