Jamiyat | 19:22 / 05.04.2021
18763
4 daqiqa o‘qiladi

Sudyalar va YHX xodimlariga oid jinoyat ishi bo‘yicha ma'lumot berildi

Yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun undirilgan jarimalarni kirim qilmasdan, talon-toroj qilgan sobiq sudyalar va sudya yordamchilari, 7 nafar Toshkent shahar IIBB YHXB sobiq xodimlariga sud hukmi o‘qilgan.

Jinoyat ishi doirasida jami 13 nafar shaxs sudlanuvchi sifatida jalb etilgan. Ularning 3 nafari – sobiq sudya, 3 nafari – sobiq sudya yordamchilari, 7 nafari – Toshkent shahar IIBB YHXB sobiq xodimlari.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, JIB Zangiota tuman sudining 2021 yil 10 fevraldagi hukmi bilan, sudlanuvchilar:

  • Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining «a» va «v» bandlari (juda ko‘p miqdordagi o‘zganing mulkini uyushgan guruh tomonidan o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish),
  • 209-moddasi 2-qismining «a» va «b» bandlari (mansab soxtakorligi),
  • 227-moddasi 2-qismining «a» bandi (o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan aybli deb topilgan.

Xabarda sudlanuvchilarga «tegishli jazolar tayinlangani» aytilgan.

«Bir necha oy muqaddam qator bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida poytaxt ma'muriy sudlarining ayrim sudya va sud xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganiga oid xabarlar tarqalgandi. Sudyalar oliy kengashi tomonidan, tergovga ta'sir etishi ehtimolidan kelib chiqib, o‘sha paytda ularga izoh yoki munosabat bildirish maqsadga muvofiq emas, deb topilgan edi.

Ayni paytda sudlanuvchilarning shaxsi va jinoyat ishi tafsilotlari ochiqlanishi maqsadga muvofiq emas. Chunki, hukm qonuniy kuchga kirmagan. Qonuniy kuchga kirmagan hukm bo‘yicha sudlanuvchilarning shaxsi va ish tafsilotlarini ochiqlash aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga zid hisoblanadi. Hukmga nisbatan sudlanuvchilar tomonidan apellyatsiya shikoyati berilgan», – deyiladi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati axborotida.

Qayd etilishcha, dastlabki tergov davrida aniqlangan 3 mlrd 353 mln 456 ming so‘m zarardan 2 mlrd 991 mln 456 ming so‘mi qoplangani hukm chiqarishda inobatga olingan.

Ta'kidlanishicha, yetkazilgan zarar miqdori avval xabar berilganidek 8 mlrd so‘m emas, balki 3 mlrd 353 mln 456 ming so‘mni tashkil etadi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar sobiq sudyalar faoliyati o‘rganilib, yo‘l qo‘ygan jiddiy xato va kamchiliklari uchun Sudyalar oliy kengashi tomonidan vazifasidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, bu jinoyat haqida o‘tgan yili noyabr oyida Oliy sudda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva ma'lumot bergandi.

«Sudning bir necha sudyalari va ularning yordamchilari Toshkent shahar IIBB YHXB Ma'muriy amaliyot bo‘limi xodimlari bilan oldindan jinoiy til biriktirgan. Ular yo‘l harakati qoidalari buzilganligi yuzasidan tuzilgan ma'muriy ishlarni kirim qilmasdan, taraflar ishtirokida ko‘rib chiqmasdan va ayrim ma'muriy ishlarni qasddan yo‘qotib, 5 mingga yaqin soxta qaror chiqargan», – degandi u.

Mazkur ish ayni kunlarda sudlanuvchilarning shikoyati asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid