Jahon | 23:17 / 06.04.2021
2397
2 daqiqa o‘qiladi

Pfizer Ukrainaga 10 million doza vaksina yetkazib beradi

Ukraina AQShning Pfizer kompaniyasi bilan koronavirusga qarshi vaksinadan 10 mln doza sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Vaksinalar Ukrainaga 2021 yil davomida yetkazib beriladi.

Foto: EPA/Vostock-photo

“Bugun Ukraina va ukrain xalqi uchun juda muhim kun – biz nihoyat Pfizer bilan 10 mln doza vaksina yetkazib berilishi bo‘yicha shartnomani imzoladik. Buni haqiqatan amalga oshirish qiyin bo‘ldi, biroq Pfizer rahbari Albert Burla bilan 8 fevraldagi suhbatimiz evaziga buning uddasidan chiqildi”, deb aytgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z bayonotida.  

 Ukrainaga vaksinaning yetkazilishi bo‘yicha muzokaralar bilan prezident ofisi rahbari Andrey Yermak shug‘ullangan. U AQSh farmatsevtik kompaniyalari bilan hamkorlik davom etishi va kengayishini ta'kidlab o‘tgan.

 Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligida ma'lum qilinishicha, vaksinalar 2021 yil davomida yetkazilishi kutilmoqda. “Biz ushbu shartnoma bo‘yicha birinchi partiyalar yaqin oylarda yetkazilishini kutmoqdamiz. Barcha vaksinalar esa 2021 yil davomida yetkazib beriladi”, deb aytgan Ukraina sog‘liqni saqlash vaziri Maksim Stepanov.  

 Shuningdek, Ukraina COVAX mexanizmi doirasida Pfizer/BioNTech vaksinasidan yana bir million doza oladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid