Jamiyat | 20:29 / 10.04.2021
4507
3 daqiqa o‘qiladi

Qizchani suvga itarib yuborganlikda gumonlanayotgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2021 yil 5 aprel kuni soat 19:00 da Namangan shahar, "Sohil" MFY, Bodomzor ko‘chasida yashovchi S.A.Mamadaliyev tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilgan.

Unda Chortoq tumani, "Bag‘rikenglik" MFY, Olmazor ko‘chasi, 88-uyda onasi Mamadaliyeva Nasiba qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetmagan farzandi Asatillayeva Ma'rifat Solijon qizi shu kuni ertalab Chortoq tuman XTBga qarashli 47-sonli umumta'lim maktabiga ketib, qaytib kelmasdan bedarak yo‘qolganligini ma'lum qilib, qizini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan va voyaga yetmagan M.Asatillayevaning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan. 

Shundan so‘ng, voyaga yetmagan M.S.Asatullayevaning shubhali bedarak yo‘qolishida uni qotillik jinoyati qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini nazarda tutib, 06.04.2021 yilda tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 06.04.2021 yilda voyaga yetmagan M.Asatullayevaning jasadi Namangan shaxar, "Sherbuloq" MFY, Sherbuloq ko‘chasidan oqib o‘tgan “Katta Farg‘ona” kanali ustidan o‘tgan ko‘prik ostining suv oqimi past bo‘lgan qismidan tashqi tan jarohatlarsiz topilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida, voyaga yetmagan M.S.Asatullayevani 2021 yil 5 aprel kuni soat 10:30 da kelinoyisi 1999 yilda tug‘ilgan Qodirjonova Feruza Komiljon qizi maktabdan olib chiqib ketganligi va Chortoq tumani, "Alisher Navoiy" MFY, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan oqib o‘tgan “Katta Namangan kanali”ga olib borib, suvga itarib yuborganligi aniqlangan.

Shunga ko‘ra, fuqaro F.K.Qodirjonova 06.04.2021 yilda jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid