O‘zbekiston | 09:29 / 11.04.2021
5367
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bir kunda 40 mingdan ortiq kishi emlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir kunda koronavirusga qarshi emlanganlar soni rekord darajaga yetgani haqida xabar qildi.

«10 aprel kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan jami 40359 nafar kishi COVID-19ga qarshi emlandi. 

Shu tariqa, ayni kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 148 642 nafarga yetdi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. 

10 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha Farg‘ona viloyatida rekord qayd etilib, bir kunning o‘zida 10 mingdan ortiq kishi (10868 nafar) emlandi.  

«E'tiborli jihati shuki, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida koronavirusga qarshi emlangan jami aholi 15 ming nafardan oshib, 20 ming nafarga yaqinlashdi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston aholisi COVAX dasturi doirasida bepul taqdim etilgan AstraZeneca vaksinasi (660 ming doza) hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi (1 million doza) bilan emlanmoqda.

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzuga oid