Jahon | 23:13 / 13.04.2021
6507
3 daqiqa o‘qiladi

Eron yadro obektiga hujumdan keyin uranni boyitish darajasini oshiradi

Foto: AP

Eron 14 apreldan uranni boyitish darajasini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abbos Aroqchi aytgan.

Taxminlarga ko‘ra, Tehron Natanzadagi yadro obektiga hujumdan keyin buni amalga oshirmoqchi. «Eron AEXAni ertangi kundan uranni 60 foizgacha boyitishni boshlashidan ogoh qildi», deb aytgan Aroqchi. Natanzadagi obektga uranni boyitishda qo‘llanuvchi sentrifugadan yana ming dona yetkazish rejalashtirilgan.

11 aprelda Natanzadagi Ahmadi Ravshan nomidagi uranni boyitish majmuasida elektr energiyani taqsimlash tizimining ishdan chiqishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyat yuz berdi. Eronning atom energiyasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Solihiy tizimdagi nosozlik «yadro terrorchiligi» sabab yuz berganini aytgan. Biroq u ushbu qo‘poruvchilikda biror-bir tomonni ayblashdan tiyilgan.

Keyinroq «Jerusalem Post» nashri gap kiberhujum haqida borayotganini va uning ortida Isroilning «Mossad» razvedkasi turgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan. 12 aprelda Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Natanzadagi favqulodda vaziyat uchun Isroil javobgar ekanini va Tehron bunga qarshi javob choralarini ko‘rishini aytgan. Keyinroq Zarif ushbu masala yuzasidan hali yakuniy xulosalar chiqarilmaganini qo‘shimcha qilgan.

Eron OAVning Eron razvedka vazirligidagi manbaga tayanib xabar berishicha, Tehron ushbu hujum ortida turgan shaxsni aniqlagan va ayni vaqtda uni hibsga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. «The New York Times» nashri AQSh razvedkasidagi manbaga tayanib, Natanzadagi obektda yuz bergan hodisa kamida 9 oyga unda uranni boyitish ishlarini to‘xtatib qo‘yganini ma'lum qilgan. Yadro obektidagi energiya ta'minoti tizimi kuchli portlash oqibatida yo‘q qilingan. Bu tizimsiz uranni boyitishda qo‘llanuvchi sentrifugalar ishlamaydi. Biroq 12 aprelda Ali Akbar Solihiy Natanzadagi hodisa uranni boyitish jarayoniga ta'sir ko‘rsatmaganini ma'lum qilgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid