O‘zbekiston | 10:47 / 15.04.2021
3648
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 300 ming kishidan oshdi

14 aprel kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida koronavirus infeksiyasiga qarshi yana 43 896 kishi emlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda shu kungacha koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 300 854 nafarga yetdi.

13 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni:

  • Qashqadaryo viloyati (6 444 nafar), 
  • Andijon viloyati (6 150 nafar),  
  • Farg‘ona viloyati (4 271 nafar) band qildi. 

«E'tiborli jihati shuki, Andijon va Namangan viloyatlarida koronavirusga qarshi emlangan jami aholi soni 30 ming nafardan oshiq bo‘lgani ko‘rinmoqda (Andijon 37 344 nafar, Namangan 33 446). Jami emlanganlar soni bo‘yicha hamon Farg‘ona viloyati birinchi o‘rinni egallab turibdi (47 946 nafar)», deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan viloyatlar markazlari va katta shaharlarda boshlandi. May oyida emlash tadbirlari tuman markazlari va kichik shaharlarda amalga oshiriladi.

Vaksina 65 yoshdan oshgan fuqarolarga va COVID-19ni yuqtirish xavfi bo‘lgan tibbiyot xodimlariga bepul berilmoqda. Iyun oyida esa boshqa aholi qatlamini ham emlashni boshlash rejalashtirilgan.

Ayni paytda o‘zbekistonliklar AstraZeneca va Xitoy va O‘zbekiston hamkorligidagi ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi bilan emlanmoqda. 

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzuga oid