O‘zbekiston | 17:25 / 21.04.2021
29658
2 daqiqa o‘qiladi

General-mayor Azizbek Ikromov yangi lavozimga tayinlandi

Foto: KUN.UZ

Prezident qarori bilan, general-mayor Azizbek Ikromov ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Ma'naviy-ma'rifiy ishlar va kadrlar bilan ta'minlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Tayinlovga qadar A.Ikromov ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Azizbek Ikromov 2017 yildan mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan, 2019 yil noyabrida esa ichki ishlar vaziri o‘rinbosariga aylangan. Shundan so‘ng, u bir muddat Ichki ishlar vazirligida o‘z lavozim va vazifalarini saqlab qolgan holda, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari vazifasini ham bajardi.

Joriy yil mart oyi oxirida “Jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Kadrlar bosh boshqarmasi, Ma'naviy-ma'rifiy ishlar boshqarmasi, kasbiy tayyorgarlik boshqarmasini o‘z ichiga oladigan Ma'naviy-ma'rifiy ishlar va kadrlar bilan ta'minlash departamenti tashkil etildi.

Mavzuga oid