O‘zbekiston | 10:57 / 22.04.2021
2152
2 daqiqa o‘qiladi

Koreya kompaniyasi Qo‘qonda K-Town majmuasini quradi

Farg‘ona viloyati hokimligida Koreyaning yirik inshoot kompaniyasi bo‘lgan Hanshin Engineering & Construction ijrochi direktori Choy Mun Kyu hamda Koreya-O‘zbekiston Biznes assotsiatsiyasi rahbari Edvard Kim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Ma'lum bo‘lishicha, uchrashuvda Hanshin Engineering & Construction tomonidan Qo‘qon shahrida barpo etilishi rejalashtirilayotgan K-Town shaharchasi loyihasi muhokama qilingan.

Ta'kidlanishicha, Koreya texnologiyalari asosida qad rostlaydigan ushbu majmua, ostki qismida ikki etajli avtoturargohlar mavjud 9-16 qavatli turar joylar, maktab, bolalar bog‘chasi, parklar, yashil maydonlar, sport maydonchalarini o‘z ichiga oladi.

Qurilish ishlariga 2021 yil avgust oyida tamal toshi qo‘yilishi rejalashtirilgan. Majmua loyihasi 4 bosqichda amalga oshiriladi. 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugungi kunda turar joylarga talab kun sayin ortib borayotganini bildirib, majmua qurilishi sifatiga ta'sir etmagan holda, amalga oshirish davrini qisqartirish bo‘yicha takliflarini aytib o‘tgan.

Ma'lumot uchun, 1950 yilda tashkil etilgan Hanshin Engineering & Construction kompaniyasi, Koreyada ko‘plab yirik loyihalarni, shu jumladan, Inchxon aeroporti loyihasini amalga oshirgan. Kompaniya Saudiya Arabistoni, Xitoy, Kuvayt, Kambodja, Filippin va boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham yirik qurilish loyihalariga o‘z imzosini qo‘ygan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid