Jamiyat | 12:06 / 22.04.2021
4448
3 daqiqa o‘qiladi

«Tashkent Law Spring» II xalqaro yuridik forumi boshlandi

2021 yil 22 aprel kuni «Tashkent Law Spring» II xalqaro yuridik forumiga start berildi.

Mazkur forum ikkinchi bor Adliya vazirligi tomonidan asosiy hamkorlar — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va qator boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida o‘tkazilmoqda. Yuzaga kelgan sharoitlarni hisobga olgan holda joriy yilda forum gibrid formatda, ya'ni xorijiy mehmonlarning masofaviy, milliy ekspertlarning bevosita ishtirokida o‘tmoqda.

Forumning bosh mavzusi bo‘lgan «Huquq 4.0» huquqning to‘rtinchi sanoat inqilobi sharoitidagi dolzarbligini ifoda etadi.

Forum doirasida davlat huquqiy siyosati, davlat organlari ochiqligini ta'minlash, LegalTech va LawTech (huquq texnologiyalari), umumiy (ingliz) huquq, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar sharoitida mediatsiya va arbitraj, intellektual mulk himoyasi, davlat siyosatini amalga oshirish (Policy Implementation), raqamlashtirish davrida sud hokimiyatining mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta'minlash va boshqa dolzarb mavzularda sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum ishida O‘zbekiston va qator xorijiy mamlakatlar adliya vazirlari ishtirok etmoqda. Xususan, yalpi yig‘ilish va muhokama sessiyalarida Singapur adliya vaziri Kasivisvanatan Shanmugan, Rossiya adliya vaziri Konstantin Chuychenko, Buyuk Britaniya adliya vaziri Lord Devid Volfson, Yaponiya adliya vaziri Yoko Kamikava, Koreya Respublikasi hukumat qonunchiligi vaziri Li Kan-Sop, Qozog‘iston adliya vaziri Marat Beketayev, Ozarboyjon adliya vaziri Fikret Farrux o‘g‘li Mamedov, Belarus adliya vaziri Oleg Slijyevskiy, Shri-Lanka adliya vaziri Ali Sabri va boshqalar so‘zga chiqadi.

Ma'lumot uchun, ushbu forum 2021 yil uchun qabul qilingan davlat dasturiga ko‘ra o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Tashkent Law Spring» birinchi xalqaro yuridik forumi 2019 yil 25-26 aprel kunlari Toshkent shahridagi «UzExpo» ko‘rgazmalar markazi binosida bo‘lib o‘tgan edi. 2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli o‘tkazilmadi.

Mavzuga oid