O‘zbekiston | 14:22 / 23.04.2021
7203
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistika universiteti o‘quv yili oxirigacha masofaviy ta'limga o‘tdi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari o‘qishni masofaviy ta'lim shaklida davom ettirishadi. Bu haqda universitet axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida 12 aprelda boshlangan 2 haftalik karantin yakunlandi.

Qayd etilishicha, mazkur oliy ta'lim muassasasida ta'lim jarayoni onlayn tarzda davom ettiriladi.

OTM yotoqxonasida karantinga olingan talabalarga uylariga ketish uchun 24 apreldan ruxsat beriladi.

Bundan oldin, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 14 kunlik masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazilgandi.

Shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘tgan hafta mobaynida ba'zi kam sonli talabalar orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Shu munosabat bilan kasallikning talaba va o‘qituvchilar orasida tarqalishining oldini olish maqsadida universitetda o‘quv jarayonlari 14 kunga masofaviy shaklga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, 19 apreldan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti ham karantin sabab masofaviy ta'limga o‘tdi.

Shu kundan e'tiboran O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalar yotoqxonalari 14 kunlik karantinga yopildi.

Avvalroq, TATU Samarqand filiali, Chirchiq davlat pedagogika institutidagi bitta fakultet onlayn ta'limga o‘tkazilgandi.

Mavzuga oid