O‘zbekiston | 08:05 / 24.04.2021
3453
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda «GAI»ni urgan haydovchiga jazo tayinlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tumani sudida YPX inspektoriga «kalla qo‘ygan» haydovchi ishi ko‘rib chiqildi.

Sud raisi Habibullo To‘xtayevning ma'lum qilishicha, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro 2020 yil 11 dekabr kuni «Nexia» mashinasini Qo‘rg‘oncha mahallasi hududida boshqarib borib, ushbu yo‘nalishda xizmat vazifasini o‘tayotgan Navoiy viloyat IIB YHXB 3-safarbarlik guruhi YPX inspektorlarini ko‘rib qoladi.

«GAI»larning xizmat mashinasi u tomonga harakatlanganini ko‘rgan haydovchi mashinadan tushib, ko‘cha ichkarisiga qochgan va behosdan yiqilib tushgan. Uning ortidan yetib kelgan inspektorlar mastlik holatini aniqlash uchun haydovchini tibbiy ko‘rikka taklif qilishadi. Ammo u qonuniy talabni bajarmasdan, inspektor Sh.Jabborovga faol qarshilik ko‘rsatib, uning yuziga boshi bilan zarba bergan hamda voqea joyidan yashiringan.

Sud tomonidan haydovchiga Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi bilan oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid