O‘zbekiston | 11:30 / 28.04.2021
14193
3 daqiqa o‘qiladi

Aholi daromadlari bo‘yicha eng past ko‘rsatkich uch hududda qayd etildi

2021 yil yanvar-mart holatiga ko‘ra, aholining umumiy daromadlari 95,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Statqo‘m xabar berdi.

Aholi daromadlari bo‘yicha real o‘sish sur'atlarini hisoblashda narx omillari ta'sirini chiqarib tashlash maqsadida, inflatsiya ko‘rsatkichlarining asosiy turlaridan biri – iste'mol narxlari indeksidan (INI) foydalaniladi. 

Iste'mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur'ati 9,8 foizni tashkil etdi.

2021 yil yanvar-mart oylarida (uch oy davomida) aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi Toshkent shahri (6,3 mln so‘m), Navoiy (4,5 mln so‘m), Buxoro (3,1 mln so‘m), Toshkent (3,1 mln so‘m) va Xorazm (2,8 mln so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgani kuzatildi.

Yanvar-mart oylarida aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi eng quyi ko‘rsatkichlari Namangan (1,9 mln so‘m), Farg‘ona (2 mln so‘m) va Surxondaryo viloyatlarida (2 mln so‘m) qayd etildi.

2021 yil yanvar-mart holatiga ko‘ra, aholi jon boshiga umumiy daromadlar real o‘sishi 7,7 foizni tashkil etdi, 2020 yil yanvar-mart holatiga esa bu ko‘rsatkich 5,6 foizni tashkil etgan.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Xorazm (11,2 foiz), Samarqand (10,7 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,0 foiz) kuzatildi. 

Shu bilan birga, Toshkent (7,4 foiz), Surxondaryo (6,9 foiz), Jizzax (6,8 foiz), Navoiy (5,9 foiz), Farg‘ona (5,0 foiz), Sirdaryo (4,7 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (3,4 foiz) aholi jon boshiga real daromadlarning pasayishi kuzatilgan.

Aholining umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 66,1 foiz ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 27,7 foizni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlar sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.

Hududlar bo‘yicha aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning eng yuqori ulushi Navoiy viloyatida kuzatildi (80,8 foiz). Aksincha, Samarqand viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm, Surxondaryo, Namangan, Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkich qayd etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid