O‘zbekiston | 23:26 / 28.04.2021
11524
2 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Mahkamov Uzbekistan Airways'ni xususiylashtirish ehtimoli haqida gapirdi

Uzbekistan Airways samolyotlarini kreditga sotib olgan, bunaqa qarzdorligi bor aviakompaniyaning jozibadorligi past bo‘ladi. Muayyan miqdordagi aksiyalarimizni xususiy sektorga sotishdan oldin kompaniya jozibadorligini oshirishimiz kerak, deydi transport vaziri Ilhom Mahkamov.

Transport vaziri, «Uzbekistan Airways» AJ boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov 28 aprel kuni jurnalistlar bilan suhbatda kompaniyani xususiylashtirish haqidagi savolga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Aviakompaniyani xususiylashtirish uchun biz uni yaxshi narxda sotishimiz kerak. Yaxshi narxda sotish uchun uning jozibadorligini oshirishimiz kerak. Bugungi kundagi islohotgacha bo‘lgan siyosatda sotib olingan samolyotlarning hammasi kreditga olingan. Bunaqa kredit qarzdorlik bilan, bunaqa biznes strategiya bilan amalga oshirilayotgan aviakompaniyaning jozibadorligi past bo‘ladi.

Bunaqa arzon narxlarda sotganimizdan ko‘ra uning jozibadorligini oshirishimiz kerak. Bu sotmaymiz degani emas. Bu aviakompaniya har doim davlatning qaramog‘ida bo‘ladi degani ham emas. Transformatsiya jarayonida qadam-baqadam amalga oshiriladigan vazifalar bor. Ularni amalga oshirib, albatta, oxiri biz uning qanchadir miqdorini baribir xususiy sektorga, yaxshi hamkorlarga sotamiz.

Lekin hozir bu narsa vaqtli. Kompaniya jozibadorligi past», – dedi Ilhom Mahkamov.

Transport vaziri Qibrayda sharqiy aeroport qurilishi, «snos»ga tushgan xonadon hududlari haqida ham ma'lumot berdi.

Mahkamovning aytishicha, Qibrayda sharqiy aeroport qurilishi aniq, u ko‘proq biznes aviatsiya bilan bog‘liq aeroport bo‘ladi.

«Fuqarolar bilan bog‘liq bo‘lgan chegaralar hammasi belgilab bo‘lingan. «Snos»ga tushgan uylar masalasida shubhada o‘tirishga hojat yo‘q», – dedi u.

Mavzuga oid