Jahon | 20:42 / 29.04.2021
25167
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonning Isfara shahri hokimi chegaradagi mojaro vaqtida yaralandi

Tojikistonning Isfara shahri hokimi Bahovuddin Bahodurzoda Qirg‘iziston bilan chegaradagi mojaro vaqtida o‘qotar quroldan jarohat oldi. Bu haqda Isfara hokimligi ma'lum qildi.

Bahodurzoda chegaradagi hududga tashrif buyurgan vaqtda yelkasidan yaralangan. Ta'kidlanishicha, Isfara hokimining ahvoli barqaror deya baholanmoqda va uning hayoti xavf ostida emas.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, tojik-qirg‘iz chegarasidagi otishmada Tojikistonning 3 nafar fuqarosi halok bo‘lgan, 31 nafari turli darajadagi jarohatlar olgan.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston tomonining xabar berishicha, mojaro vaqtida 2 nafar qirg‘izistonlik halok bo‘lgan, 26 kishi jabrlangan.

Ikki davlat harbiylari o‘rtasida chegaradagi to‘qnashuvlar 29 aprel kuni boshlandi. Bunga 28 aprelda chegaradagi bahsli hududda ikki davlat fuqarolari o‘rtasida kelib chiqqan mojaro sabab bo‘lgan. Ikki tomon mojaroda bir-birini ayblagan. Ikki davlat chegaraning otishma yuz bergan hududiga qo‘shimcha kuchlarni jo‘natgan. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, tomonlar mahalliy vaqt bilan soat 20:00dan o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy kuchlarni avvalgi joylariga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid