Iqtisodiyot | 20:39 / 25.05.2021
15529
2 daqiqa o‘qiladi

Ikki viloyatda o‘simlik yog‘i narxi oshdi

O‘zbekistonning ikki viloyatda o‘simlik yog‘i narxlarida o‘sish kuzatilmoqda. Avvalroq, 5ta hududda mahsulot narxi qimmatlashda davom etayotgani bildirilgandi.  

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 12–19 may kunlari o‘simlik yog‘i narxlarida arzonlash kuzatildi.

Hafta oxiriga kelib, respublikada bir litr o‘simlik yog‘ining o‘rtacha narx 0,5 foizga pasayib, 18 ming 945 so‘mni tashkil etdi. O‘rtacha narxlar diapazoni Andijon viloyatida bir litr uchun 17 ming 45 so‘m, Toshkent shahrida 20 ming 331 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib bordi.

Markazga ko‘ra, respublikaning 12ta viloyatida o‘simlik yog‘i narxlarining pasayishi kuzatildi. Xususan, Navoiy (2,2 foiz), Toshkent (0,9 foiz), Qashqadaryo (0,8 foiz) va Buxoro (0,8 foiz) viloyatlarida nisbatan past ko‘rsatkich qayd etilgan.

Tumanlar kesimida o‘simlik yog‘i narxining bir litri uchun eng katta pasayish Navbahor (8,7 foiz), O‘rtachirchiq (7 foiz), Chust (6,4 foiz), Qo‘rg‘ontepa (4,9 foiz), Sho‘rchi (4,1 foiz), Karmana (3,5 foiz) tumanlarida kuzatildi.

Hafta davomida narxlar faqat 2ta viloyatda: Xorazm (0,4 foiz) va Jizzaxda (0,1 foiz) oshdi.

3 hafta davomida – 28 apreldan 19 maygacha respublikada o‘simlik yog‘ining o‘rtacha narxi 1,3 foizga pasaydi.

«O‘simlik yog‘i narxlarining pasayishi ichki bozordagi vaziyatning barqarorlashayotganidan dalolat beradi», deyiladi manba ma'lumotida.

Avvalroq, 9ta viloyatda o‘simlik yog‘i narxi pasaygani ma'lum qilingandi. Narxlardagi o‘sish esa 5ta viloyatda kuzatilgani bildirilgan. 

Mavzuga oid