Jahon | 21:47 / 26.05.2021
18535
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Putin undan uzr so‘raganini aytdi

Rossiya rahbari Vladimir Putin AQSh prezidenti Jo Bayden bilan Belarusdagi vaziyatni mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko ruxsatisiz muhokama qilgani uchun belaruslik hamkasbidan uzr so‘radi. Bu haqda Lukashenkoning o‘zi Belarus parlamenti a'zolari bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

“Putin bu vaziyatda o‘zini vijdonan tutdi. U menga qo‘ng‘iroq qilib, ruxsatimsiz Belarusni muhokama qilgani uchun uzr so‘radi. Men esa unga “Baydenga bu haqda (Belarus haqida) gapirganing uchun senga rahmat. Shuning uchun Belarus haqida gapiraverishsin, juda bo‘lmasa u (Bayden) Belarus qayerda joylashganini bilib oladi”, deb aytgan Lukashenko.

Belarus rahbari o‘z chiqishi davomida Baydenni Belarusdagi vaziyatdan bexabarlikda ayblagan. U Rossiya va AQSh yetakchilari yaqin orada bo‘lib o‘tadigan o‘zaro uchrashuvda Ukraina va Belarusni muhokama qilmoqchi ekanliklarini qo‘shimcha qilgan. Biroq, Lukashenkoning fikricha, Belarus haqida yaxshisi Minskda gaplashgan ma'qulroq hisoblanadi.

“Ochiqcha taklif qilaman: agar Belarus muammolarini muhokama qilishmoqchi bo‘lsa, unda davlatimizga kelishsin. Shveytsariyada o‘tirib olib, Putinga Belarus muammolarini o‘rgatish – bu kulgili”, deb qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Bayden va Putin 16 iyunda Shveytsariyaning Jyeneva shahrida uchrashmoqchi. Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni, strategik barqarorlik, pandemiya muammolarini va dunyoning turli burchaklaridagi ixtiloflarni hal qilishni muhokama qilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid