Jahon | 09:53 / 06.06.2021
6404
2 daqiqa o‘qiladi

OAVda Bayden va Putin Jyenevada uchrashishi mumkin bo‘lgan joy aytildi

Foto: RIA Novosti

AQSh va Rossiya prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Putinning Jyenevadagi uchrashuvi La Grange villasida yoki Hotel Residence Parc des Eaux Vives mehmonxonasida o‘tishi mumkin. Bu haqda Shveytsariyaning NZZ am Sonntag nashri xabar berdi.

Tamedia-Zeitungen nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya 16 iyunga belgilangan muzokaralarni 1985 yilda Sobiq ittifoq va AQSh rahbarlari Mixail Gorbachyov va Ronald Reyganning uchrashuvi o‘tgan Intercontinental mehmonxonasida olib borishni istamagan.

OAVda ma'lum qilinishicha, Jyenevadagi eng taniqli 5 yulduzli mehmonxonadan uchtasida 15 iyundan 16 iyunga o‘tar kechasi barcha xonalar band qilib qo‘yilgan. NZZ am Sonntag’ning xabar qilishicha, La Grange villasi joylashgan bog‘da bir necha kundan beri xavfsizlik kuchlari ish olib bormoqda. Biroq Shveytsariya tashqi ishlar vazirligi uchrashuv yuqorida aytilgan joylarda o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi axborotni tasdiqlashdan bosh tortgan.          

Mixail Gorbachyov va Ronald Reyganning uchrashuvi Fleur d'Eau villasi va Intercontinental mehmonxonasida o‘tgan. Avvalroq OAVda mehmonxona Bayden va Putin o‘rtasidagi uchrashuv joyi bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilingan. Biroq Tamedia-Zeitungen’ning xabar qilishicha, Rossiya Intercontinental’da AQSh delegatsiyasi a'zolari joylashganligi sabab, uchrashuvni u yerda o‘tkazishni istamagan. Ta'kidlanishicha, Bayden aynan shu mehmonxonada to‘xtashi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid