Sport | 11:26 / 16.06.2021
34386
8 daqiqa o‘qiladi

Abramov o‘n yilga eskirgan murabbiymi?

Vadim Abramov bir paytlar arab jamoalari haqida shunday degandi: «Arablarni yutish qiyin emas. Ular maydonda kurashmaydilar, futbolni zavq uchun o‘ynaydilar, agar to‘psiz qoldirsangiz, asabiylasha boshlashadi».

Bu gapga qo‘shilmaslik qiyin. Rostan ham arab o‘lkalarida futbolga nisbatan qarashlar sal boshqacha. Shuning uchun ham yoshlikda juda iste'dodli sanalgan arab yulduzlarni yakunda Yevropaning kuchli jamoalarida ko‘rmaymiz. Ular uchun futbol kichik bir zavq, shu xolos.

Endi bunga hozirgi holatni, ya'ni Saudiya Arabistoni keyingi bosqich masalasini allaqachon hal qilgani, hatto mag‘lubiyatga uchrasa ham, hech narsa yo‘qotmasliklari, umuman durang hisobi ularni ham, bizni ham butunlay qoniqtirganini qo‘shing. Maydonga shunchaki, futbol o‘ynash uchun chiqqan, motivatsiyasiz arab jamoasiga aylanadi saudiyaliklar, to‘g‘rimi?

Bu vaziyatda aqlli murabbiy, umuman, aqlsiz bo‘lsa-da, murabbiy nima qiladi?

To‘ppa-to‘g‘ri, imkon qadar raqibga o‘yin bermaslik yo‘lini qidiradi. Biroz bosim, biroz shiddat, biroz qo‘pollik, biroz ko‘proq yugurib, arablarning to‘pni qabul qilishi, to‘p uzatishi, umuman to‘pni nazorat qilishini qiyinlashtirasiz, tamom. Futbolni o‘yin emas, kurashga aylantirasiz. Besh daqiqa, o‘n besh daqida, yarim soatda Saudiya Arabistoni futbol o‘ynagisi kelmay qoladi, o‘z-o‘zidan o‘yin tempi tushadi. Ayni muddao. Buni o‘ylab topish uchun Abramov o‘ta kuchli murabbiy bo‘lishi shart emas, shunchaki, o‘zining eski konspektlarini o‘qib ko‘rsa, kifoya edi.

Biz nima qildik? Bilmadim, Abramov bir necha kun oldindan so‘nggi turda faqat g‘alaba uchun tushishini taxmin qilib, bir qancha syurprizlar tayyorlagan va so‘ng, bundan voz kecha olmadimi, ishqilib, biz Saudiya Arabistoni yirik hisobda g‘alaba qozonishi uchun eng zo‘r sharoitni taqdim etib berdik. Biz ularga maza qilib futbol o‘ynash uchun ajoyib sharoit taqdim etib berdik. Markaziy himoyada butunlay yangi tandem, Vigiz Galiulinning asosiy tarkibda paydo bo‘lishi, Masharipovning pozitsiyasi bilan eksperiment. Nima uchun? Axir Saudiya Arabistoni bizni yutish uchun bir necha kundan beri tayyorlanib chiqmaganki, ularni kutilmagan yurishlar bilan hayron qoldirsak? Bu o‘zgarishlar ko‘proq o‘z futbolchilarimizni chalg‘itib, salgina paydo bo‘lgan bog‘lamlarni ham yo‘qqa chiqarib yubormadimi?

Ahmedovning himoyaga «qaytgani» endi alohida masala. U o‘n yil oldin Qatarda shunday pozitsiyada to‘p surgan, keyinchalik aynan Saudiya Arabistoni bilan Toshkentdagi o‘yinda Abramov shu fikrga yana bir qaytib ko‘rgandi. Samarasiz.

Bilasizmi, o‘n yil oldin bu yurish qaysidir ma'noda, ayniqsa, saviya jihatidan pastroq jamoalarga qarshi ish bergan. Asosiysi, bu qaror futbolning o‘sha paytlardagi zamonaviy tendensiyalariga ham mos kelgandi. Ma'lumki, asr boshlariga qadar, futbolda nafaqat markaziy himoya, balki tayanch zonasi ham buzg‘unchilik bilan shug‘ullanar, «bild-ap», ya'ni hujumni boshlash oldingi chiziqning vazifasi edi. Murabbiylar to‘pni maydon markaziga qanday yetkazib borish haqida ko‘p bosh qotirishmas, asosiy masala undan keyin boshlanardi. To‘pni markazga yetkazish ko‘pincha, uzun paslar, kurash zonalariga to‘p uzatish bilan tavakkal qilinardi.

Makelele, Senna, keyinchalik, Buskets kabi futbolchilar tayanch yarimhimoyachilarining yangi funksiyalarini futbolga olib kirdilar. Endi «bild-ap» sal orqaroqqa ko‘chdi, markazda dastlabki pasni beradigan, maydonni yaxshi ko‘rib, o‘yinni va to‘pni boshqara oladigan markaziy himoyachilarga talab kuchaydi. Shunchaki, kurashuvchan va harakatchan futbolchilar bilan markazni to‘ldirishning samarasi bo‘lmay qoldi.

Abramovning 2011 yilda himoya markazida Odil Ahmedovdan foydalanishi undanam keyingi bosqichning boshlanishiga to‘g‘ri kelgan, ya'ni endi, «bild-ap» yanada orqaga, himoya markaziga ko‘chayotgan davrga to‘g‘ri kelgandi. Yevropada ham murabbiylar himoya markazida tez-tez yarimhimoyachilarni qo‘ya boshladilar, faqat bu ko‘pincha, muayyan vaziyatlarda ro‘y berardi. Masalan, yutqazayotgan jamoa hujumkorlikni oshirmoqchi bo‘lsa, ortiqcha markaziy himoyachi o‘rniga hujumchi tushiradi, himoyadagi vazifa esa tayanch yarimhimoyachisiga yuklatiladi. Shu tariqa, qo‘lga kiritiladigan ustunlik keyinchalik tendensiya sifatida futbolga kirib kelishi aniq edi. Shunday bo‘ldi ham.

Endi, to‘pni nazorat qila oladigan, pas texnikasi yuqori bo‘lgan markaziy himoyachilar qadrlandi, tabiiyki, tarbiyalana boshlandi. Markaziy himoyachilarga bo‘lgan talablar o‘zgardi, tabiiy ravishda ularning mashg‘ulot mazmuni ham, maydondagi funksiyalari ham butunlay o‘zgarib ketdi. Endi nafaqat top-klublarda, balki o‘rtacha Yevropa klubi himoya markazida ham, aytaylik, Karrager yoki Smolling kabi himoyachilarni ko‘rmaysiz. Yaxshi markaziy himoyachilar oldingi chiziqlardagi ijrochilardan ham qimmatroqqa baholanmoqda.

Xullas, Ahmedovning himoya markazida o‘ynashi 2021 yil uchun juda yomon taassurotni paydo qilmoqda. Bu nima degani, Superligamizda, umuman O‘zbekistonda aynan yuqorida aytilgan talablar asosida, zamonaviy markaziy himoyachi roliga mos bo‘lgan futbolchi yo‘qmi? Yoki Abramov rostan ham o‘n yilga eskirgan murabbiymi?

Birinchi variantga ishongim kelmaydi, ikkinchi variant esa... Milliy jamoadan to‘qqiz yil oldin iste'foga chiqqanidan beri, biror klubda biror qiziqarli loyihani yakuniga yetkazmagan, biror natijaga erisha olmagan murabbiy milliy jamoani yangi bosqichga ko‘tara olarmidi, bilmadim...

Ha, Falastinga boshqa murabbiy yutqazgan. Saudiya Arabistoniga ikki marta yutqazish, balki u qadar katta fojia emasdir. Ammo kecha durang o‘ynash juda real vazifa bo‘lib turganda, raqibga umuman hech narsa taklif etmaslik, kurashish layoqatini umuman namoyish etmaslik, buning ustiga yana allaqanday tushunarsiz tajribalar natijasida, jamoaning aslidan ham kuchsizroq bo‘lib qolishi, tabiiyki, murabbiyning malakasiga havola.

Ha, futbolga katta pullar sarflanyapti, futbolda korrupsiya bor, kelishilgan o‘yinlar, bolalar futboli va hokazo. Har to‘rt yilda takrorlanadigan bu so‘zlar har to‘rt yilda emas, har doim, hatto jahon chempionatiga chiqayotgan paytimizda ham aytilishi kerak bo‘lgan gaplar. Kecha esa, konkret futbolchilar va konkret murabbiy konkret vazifani amalga oshira olishmadi.

Keyingi jahon chempionatidan ishtirokchilar soni 48ta bo‘ladi. Jahon chempionatiga chiqishimiz osonroq bo‘ladimi shunda? Yo‘q. Beshta yo‘llanmaning beshinchisini olish ham, sakkiz yo‘llanmadan sakkizinchisiga ilinish ham, aslida bir xil qiyinlikdagi vazifa. Vazifaning uddalanishi baribir to‘g‘ri qaror, to‘g‘ri munosabatni talab qiladi.

Usiz baribir poyezdga kechga qolaveramiz. Mashhur latifadagi kabi, ikki soat kechga qolamizmi, bir soatmi, farqi yo‘q.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid