Sport | 16:19 / 30.06.2021
14928
7 daqiqa o‘qiladi

Shevchenko - yana chorak finalda. Ukraina overtaymlarda Shvetsiyani taslim etdi

Ukrainlar JCh-2006dagi natijasini takrorladi.

Foto: AFP

Yevro-2020. 1/8 final
Shvetsiya — Ukraina — 1:2 q.v.
 (1:1, 0:0, 0:1)
Gollar: Zinchenko, 27 (0:1). Forsberg, 43 (1:1). Dovbik, 120+1 (1:2).
Shvetsiya: Ulsen, Lustig (Kraft, 83), Lindelef, Danielson, Augustinsson (Bengsson, 83), Larsson (Klasson, 97), Ekdal, Olsson (Helander, 101), Forsberg, Kulushevski (Kuayzon, 96), Isak (Berg, 97).
Ukraina: Bushchan, Karavayev, Krivsov, Zabarnyy, Matviyenko, Sidorchuk (Bezus, 118), Stepanenko (Makarenko, 94), Shaparenko (Malinovskiy, 61), Yarmolenko (Dovbik, 106), Zinchenko, Yaremchuk (Besedin, 91. Tsigankov, 101).
Ogohlantirishlar: Kulushevski, 70. Yarmolenko, 79. Forsberg, 85. Dovbik, 120+2.
Chetlatish: Danielson, 99.
Hakamlar: Orsato. Jallatini, Preti (barchasi — Italiya).
VAR: Irrati. Di Bello, Meli, Valeri (barchasi — Italiya).
29 iyun. Glazgo. «Hempden Park» stadioni.

Ukraina termasi pley-offga chiqish-chiqmasligini guruh bosqichidagi barcha o‘yinlar yakunlanguniga qadar kutib turdi. Andrey Shevchenko shogirdlari so‘nggi turda avstriyaliklarga yutqazib, o‘zlari bu vazifani uddalay olishmadi (Ikkinchi turdan keyinoq pley-off masalasini hal qilib bo‘lgan Shvetsiya esa oxirgi turda yo‘llanma uchun ukrainlarning raqobatchisi bo‘lgan Polshani mag‘lub etib, ukrainlarni o‘zlari uchun pley-offdagi birinchi raqib sifatida tanlashdi.). Avstriyaga qarshi o‘yinda ukrainlarning o‘yini umuman chiqmagandi: ular shunchaki o‘yini yaxshi tashkillashtirilgan va jismoniy jihatdan yetuk bo‘lgan raqibga qarshi hech narsa qila olishmadi. 

Bunday xarakteristika Shvetsiya termasiga ham mos tushadi, ammo Shevchenko o‘z shtabi bilan Avstriyaga qarshi o‘yindan kerakli xulosalarni chiqargandi. Slavyanlar uch markaziy himoyachiga asoslangan sxemaga o‘tishdi, bunda bir o‘rinni Krivsov egalladi: agar himoyada bu baland bo‘yli futbolchi bo‘lmaganida skandinavlar ikkinchi qavatda yaqqol ustunlik qilgan bo‘lishardi. Shuningdek, Stepanenko tarkibga qaytdi, u joriy turnirda faqat bir marta — makedonlarga qarshi g‘alabali uchrashuvda maydonga tushgandi.

Shvedlar o‘yin boshidan to‘pga egalik qila boshlashdi, hujumda Kulushevski faollik ko‘rsatdi. Koronavirusga chalingani tufayli «Yuventus» futbolchisi dastlabki turlarni o‘tkazib yuborgandi va faqat polyaklarga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida o‘ynab, ikki golli uzatma muallifiga aylangandi. Ukrainlar o‘yinning bunday boshlanishiga tayyor bo‘lib chiqishdi va bu holat ularga ma'qul ham edi. Jamoalar navbatma-navbat hujumlar uyushtirishdi, ukrainlar gali kelganida to‘pni raqib hududiga olib borishdi va hisobni ochishdi. Yarmolenko o‘ng qanotdan kirib kelib qarama-qarshi tomonga to‘pni yo‘naltirdi, Zinchenko esa to‘pni to‘xtatmasdan zarba berdi.

Ammo bu hammasi emas — «Siti» futbolchisi golni jo‘shqinlik bilan nishonladi va barmog‘ini labiga qo‘yib barchani jim qildi. U bu orqali Chempionlar ligasi va Yevropa chempionatidagi xatolari uchun tinmay tanqid qilganlarga shunday javob qaytardi.

Shvetsiya Yevro-2020da ilk bor birinchi bo‘lib gol o‘tkazdi. Lekin tashvishga hojat yo‘q edi: Ukraina uchun bu qatorasiga uchinchi Yevropa chempionati bo‘lib, ular biror o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay olmagan. Bu safar ham an'ana davom etdi. Tanaffus arafasida skandinavlar maqsadiga yetishdi: jamoaning eng yaxshi to‘purari Forsberg yo‘llagan zarba himoyachilardan biriga tegib yo‘nalishini o‘zgartirdi va darvoza to‘riga borib tushdi.

Ikkinchi bo‘lim yanada hujumkor ruhda davom etdi. Murabbiylar taktikalarini o‘zgartirishmadi, ammo golli vaziyatlar ko‘proq bo‘ldi. Bo‘lim boshida ikki jamoa ham bir martadan ustunni nishonga oldi. Stepanenkoga ham, Forsbergga ham omad kulib boqmadi, garchi ikki zarba ham juda chiroyli ijro etilgan bo‘lsa-da. Biroz o‘tib shvedlarga yana bir rikoshet yordam berayotgandek edi, ammo Forsbergning yana bir kuchli zarbasi to‘singa tegdi.

Shvetsiya pozitsion hujum qilishda davom etdi, ko‘p hollarda uzatmalar Isakka yo‘naltirildi, yoki Forsberg va Kulushevskining mahoratiga tayanildi. Ukrainlar o‘z imkoniyatlarini kutib o‘ynashdi va imkon tug‘ilishi bilan qarshi hujumlarga chiqishdi. Ammo o‘yin yakuniga 15 daqiqa qolganida ikki tomon ham kuch tejab o‘ynashga o‘tdi va ehtiyotkorroq harakatlanishdi. Jamoalar bir-birining xato qilishini kutishdi, ammo barcha overtaymlarni kutardi. Bu qarama-qarshilikning asosiy vaqtida durang - adolatli natija edi.

Overtaym boshida shvedlar birdaniga uch futbolchini almashtirishdi, bosh murabbiy Yanne Andersson hujum chizig‘i vakillari o‘rniga yangi hujumchilarni tushirdi. Bu u o‘yinni penaltilar seriyasiga olib borishni istamayotganini ko‘rsatardi.

Ammo uning rejalarini kutilmagan epizod buzib yubordi: Danielson to‘pga o‘ynashga harakat qilib, butsasining ostki qismi bilan overtaym boshida Yaremchuk o‘rnini egallagan Besedinning oyoqlariga zarba berdi, hakam videotakrorni ko‘rgach, unga qizil kartochka ko‘rsatdi. Vaziyatning ikki ishtirokchisi ham zaxira o‘rindig‘iga yo‘l oldi, ammo shvedlar bir kishi kam bo‘lib qolishdi.

«Gol urish kerak!» — deya hayqirdi Shevchenko ikkinchi qo‘shimcha bo‘lim boshlanishi arafasida. Va ukrainlar penaltilar seriyasi muqarrardek bo‘lib qolgan daqiqalarda golni urishdi. Overtaymga qo‘shib berilgan daqiqalar tugayotganida Zinchenko jarima maydoniga to‘pni uzatib berdi, Dovbik bosh bilan to‘pni darvozaga joyladi. Qo‘shimcha bo‘limlarda tushirilgan ushbu forvard uchun bu terma jamoadagi ilk o‘yin edi.

2006 yilda tarkibida Shevchenko bo‘lgan Ukraina terma jamoasi jahon chempionatining eng yaxshi sakkiz jamoasi qatoriga kirgandi, 15 yil o‘tib Sheva maydon chetida jamoani boshqarib , yangi yutuqqa erishdi va ukrainlarni Yevropaning eng kuchli sakkiz jamoasi qatoriga qo‘shdi. Endi ukrainlar yarimfinalga  chiqish uchun 3 iyul kuni Rimda inglizlarga qarshi saf tortadi.

Mavzuga oid