O‘zbekiston | 11:58 / 05.07.2021
4455
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xorijiy davlatga tegishli yuk mashinalari yonib ketdi

Samarqand viloyati Jomboy tumanida turkiyalik haydovchilar boshqaruvida bo‘lgan Qirg‘izistonga tegishli ikkita yuk mashinasi yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 5 iyul kuni soat 01:35da Jomboy tumani «Samarqand» MFY, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan «Jambul japi Baraka servis» MChJga qarashli avtoturargohda turgan ikkita yuk mashinasi yonib ketgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, mashinalarning ikkalasi ham Qirg‘izistonga tegishli bo‘lib, ular turkiyalik haydovchilar boshqaruvida bo‘lgan.

Yong‘in oqibatida Turkiya fuqarosi haydovchi T.K. boshqaruvida bo‘lgan «VOLVO» rusumli yuk mashinasi to‘liq yonib ketgan. Haydovchi S.K. boshqaruvidagi «IVEKO» yuk mashinasi qisman yongan

Qayd etilishicha, yong‘in haqida xabar tushgandan so‘ng, hodisa joyiga to‘rtta yong‘in qutqaruv bo‘linmalari 01:48da yetib borgan. Yong‘in 02:05da o‘rab olinib, 02:40da o‘chirilgan.

Ta'kidlanishicha, yong‘inda hech kim tan jarohati olmagan. Hozirda yong‘inning sababi va zarari aniqlanmoqda.

Mavzuga oid