Jahon | 08:42 / 06.07.2021
24484
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh qo‘shinlari Bagrom aviabazasini hech qanday ogohlantirishsiz tunda tark etgan

AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondagi eng yirik aviabaza Bagromni obektning yangi afg‘on qo‘mondonini ogohlantirmasdan, tunda tark etgan. Yangi qo‘mondon amerikaliklar Kobuldan taxminan mashinada bir soatcha uzoqlikda joylashgan aviabazani tark etganini 2 soat o‘tib aniqlagan.

“Amerikaliklar Bagromni tark etgani haqida gaplar tarqaldi, soat 7:00da esa ular haqiqatan ham aviabazadan ketganini aniqladik”, deb aytgan aviabazaning yangi qo‘mondoni Mir Asadulla Kohistoniy.

Harbiylardan birining ta'kidlashicha, amerikaliklar aviabazani tark etgandan 20 daqiqa o‘tib, u yerda elektr toki o‘chirilgan. Bu esa bosqinchilarni o‘ziga jalb qilgan va ular bazaga kirib, u yerni talon-toroj qilishgan.

Ta'kidlanishicha, amerikalik harbiylar bazani tark etgandan 3 kun o‘tib, ya'ni 5 iyulda ham afg‘on askarlari bazada bosqinchilar tomonidan qoldirilgan chiqindilarni tozalashni davom ettirishgan. 

2 iyulda Fox News telekanali amerikalik harbiylar Bagrom ni tark etganini ma'lum qilgandi.  

Bagrom aviabazasi Kobuldan shimolda joylashgan bo‘lib, 1979-1989 yillardagi afg‘on urushi vaqtida sobiq ittifoq qo‘shinlari tomonidan qo‘llangan. U AQSh 2001 yilda Afg‘onistonga bostirib kirgandan keyin amerikalik harbiylarning asosiy bazasiga aylangandi.

Mavzuga oid