Jahon | 08:55 / 09.07.2021
26615
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Afg‘onistonda terrorchilikka qarshi kurashni davom ettiradi

Foto: AFP

AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqqandan keyin ham ushbu davlat va dunyoning boshqa hududlarida terrorchilikka qarshi kurash uchun imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bu haqda Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi ma'lum qildi.

U bunday imkoniyatlarga Yaqin Sharqdagi bazalarni kiritgan. Kirbining ta'kidlashicha, AQSh ushbu kurashda mintaqada joylashgan ham uchuvchili, ham uchuvchisiz havo vositalarini hamda Afg‘oniston yaqinidagi aviatashuvchi zarbdor guruhni qo‘llashi mumkin. Shu bilan birga, Vashington bunda Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar hududini qo‘llash imkoniyatini o‘rganishni davom ettirmoqda. Pentagon vakilining ta'kidlashicha, ushbu masala bilan AQSh markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i general Frenk Makkenzi hamda davlat departamenti va shaxsan davlat kotibi Entoni Blinken shug‘ullanmoqda.

“Mening ixtiyorimda bugun ma'lum qilishim mumkin bo‘lgan bu boradagi hech qanday imzolangan kelishuv yo‘q”, deb qo‘shimcha qilgan Kirbi.

“Men Amerika xalqini ishontirib aytishim mumkin, bizda vatanimizga xavf soluvchi terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashni davom ettirish uchun ishonchli, istiqbolli imkoniyatlar mavjud”, deb qo‘shimcha qilgan Pentagon vakili.

Kirbi toliblar Afg‘onistonda o‘nlab tuman markazlarini egallab olganini va viloyat markazlarini egallab olishi mumkinligini ta'kidlab o‘tgan. Uning aytishicha, shu sababli Vashington uchun Afg‘onistondagi harbiy ixtilof afg‘on hukumati va toliblar o‘rtasida muzokaralar yo‘li bilan hal qilinishini talab qilishni davom ettirish muhim hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid