Jahon | 18:20 / 11.07.2021
19136
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Suriyadagi bazasi bir kun ichida ikki marta hujumga uchradi

Foto: Reuters

Suriya shimoli-sharqida joylashgan amerikalik harbiylar oxirgi sutka ichida ikki marta noma'lum shaxslar hujumiga uchradi. Bu haqda Al-Hadath telekanali xabar berdi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, hujum AQSh qurolli kuchlarining Daur-az-Zor viloyatida joylashgan “Konoko” neft-gaz koni yaqinidagi bazasiga qaratilgan bo‘lgan. Gap AQShning Suriya shimoli-sharqidagi eng yirik bazasi haqida bormoqda. Bu hududda “Konoko”dan tashqari yana bir yirik neft koni – Al-Umar joylashgan.

Ta'kidlanishicha, hujumga uchragan baza ustida quyuq oq tutun ko‘tarilgan, havo trevogasi sirenalari yangragan. Ma'lum qilinishicha, hujum oqibatida moddiy zarar yetkazilgan. Bazada xizmat o‘tayotgan harbiylar orasida jabrlanganlar borligi haqida ma'lumot olinmagan.

Avvalroq SANA axborot agentligi tunda “Konoko” neftni qayta ishlovchi zavodida portlash sodir bo‘lganini ma'lum qilgandi. Biroq bir necha soatdan keyin hujumga AQSh bazasi uchragani ma'lum qilingan. Iroqning Rudaw telekanali ta'kidlashicha, bazaga raketa bilan zarba berilgan.

AQSh mudofaa vazirligida amerikalik harbiylar Suriyada hujumga uchragani tasdiqlangan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida talafotlar va jabrlanuvchilar bo‘lmagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid