Budjet taqsimotida siz ham qatnashing. “Ochiq budjet” portali qanday ishlaydi?
1 avgustgacha respublikadagi barcha tuman va shaharlar aholisi o‘z hududidagi yo‘l yoki binolar ta’miri, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, yoritish tizimi bilan bog‘liq muammolarni “Ochiq budjet” portaliga yozib qoldirishi mumkin. Jamoatchilik tasdig‘idan o‘tgan loyihalar mahalliy budjet daromad va xarajatlarining ma’lum qismidan moliyalashtiriladi.
“Ochiq budjet” portali nima uchun kerak?
Kunlik mahalliy xabarlarning aksariyati tuman va shaharlarda uchrayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammo va kamchiliklar bilan bog‘liq: yo‘l, suv, elektr, ta’mirga muhtoj obektlar va hokazo.
Mutasaddilar har bir mahallaga e’tibor bera olmagani yoki budjet pullari hisobli bo‘lgani sababli mamlakatda ko‘plab muammolar yechilmay keladi. Ammo ma’lum platforma orqali odamlar dardi eshitilsa, ular uchun og‘ir masala zarurlik darajasiga qarab yechim topsa, bu yaxshi. Ayniqsa, mahalliy budjetning bir qismi fuqarolar istagiga ko‘ra ishlatilsa, ko‘pchilikka yengillik yaratilishi mumkin.
Moliya vazirligi “Ochiq budjet” portalining (www.openbudget.uz/) tashkil etilishidan maqsad bevosita fuqarolar tashabbus va talablarini inobatga olgan holda kamchiliklarni bartaraf etish ekanini urg‘ulaydi.
Bu tizim haqida ma’lumot berilarkan, fuqarolar istiqomat qiladigan tuman yoki shaharda aynan ularni qiynab kelayotgan, yechimi mablag‘ bilan bog‘liq muammolar hal etilishida ko‘makchi portalligi ta’kidlanyapti.
Tashabbus bildiring va tashabbuslarga ovoz bering
Tashabbusli budjet jarayonida ishtirok etgan holda hudud ahli o‘z takliflarini bildirishi yoki ehtiyojlarini aks ettirgan boshqa takliflarga ovoz berishi mumkin. Bu jarayon onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Ishtirokchi portalda ro‘yxatdan o‘tgach, bir necha yo‘nalishlardagi masalalarda taklif va talablarini qoldira oladi.
Masalan, hududdagi ichimlik suvi ta’minoti, yoritish tizimi bilan bog‘liq kamchiliklar, yaroqsiz holatga kelib qolgan ichki yo‘llar yoki ijtimoiy soha obektlarini ta’mirlash, jihozlash hamda moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha taklif kiritish imkoni bor.
Bitta tuman yoki shaharga qancha pul ajratiladi?
“Ochiq budjet” portali 2018 yildagi prezident qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, shu paytga qadar har bir tuman yoki shaharga hudud aholisi taklif qilgan muammolar yechimi uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha daromadlaridan 10 foiz miqdorida mablag‘ ajratilgan.
Endilikda portal yangi talqinda ishlay boshladi. Qo‘shimcha daromadlarning 10 foizlik miqdori 30 foizga ko‘tarildi. Shuningdek, joriy yilning may oyidan boshlab mahalliy budjet xarajatlarining 5 foizi ham jamoatchilik fikri asosida sarflanishi belgilab qo‘yildi.
Bu tizim hozircha sinov tariqasida respublikadagi 14ta tuman va shaharda ishlamoqda. Ularga 3 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha, jami 92,7 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Masalan, Jizzax viloyati Do‘stlik tumani yillik xarajatlaridan (5 foizi) 3 mlrd so‘m hudud aholisi talabiga asosan ishlatiladi.
Andijon viloyati Asaka tumani xarajatlaridan (5 foizi) 10 mlrd so‘m jamoatchilik bildirgan muammolar yechimiga sarflanadi. Bunda hudud xarajatlarining umumiy qiymati hisobga olinadi.
2021 yilda “Ochiq budjet” portali orqali qilinadigan xarajatlarga jami 157 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
2022 yildan boshlab O‘zbekistondagi barcha tuman va shaharlarda har ikkala manbalar bo‘yicha, ya’ni hudud xarajatlaridan 5 foiz va qo‘shimcha daromadlardan 30 foiz miqdordagi mablag‘lar jamoatchilik talabi asosida sarflanishi belgilangan.
Takliflar yilda ikki marta yig‘iladi
Fuqarolarning portalda takliflar bilan ishtirok etishi bir yilda ikki marta amalga oshiriladi.
Ayni paytda ushbu jarayon davom etmoqda. Ya’ni 1 iyuldan 1 avgustgacha fuqarolar o‘z hududida uchrayotgan kamchiliklar yechimiga oid loyihalarni portal orqali onlayn tarzda taklif etishlari mumkin.
Vazirlik departament direktori Sherzod Muhammedovning aytishicha, loyihalar 10 ish kuni ichida saralab olinadi.
“20 kun davomida, ya’ni 1 sentabrga qadar loyihalar ovozga qo‘yiladi. So‘ngra tuman va shahar xalq deputatlari qarorlariga muvofiq, g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish ishlari boshlanadi”, – deydi u.
Ta’kidlanishicha, portalga har yili 10 fevralga qadar o‘tgan yilda jamoatchilik fikri asosida sarflangan mablag‘lar to‘g‘risida hisobot joylashtirib boriladi. Bajarilgan har bir ish jamoatchilik nazoratida bo‘ladi.
Muammo aholi faolligining pastligidami?
“Ochiq budjet” portalida keltirilishicha, 2020 yil holatiga O‘zbekiston aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 190-o‘rinda turadi. Bu esa o‘z navbatida fuqarolar o‘z haq-huquqlarini talab qilishda faolroq bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
“Ochiq budjet” portali ishga tushganiga bir necha yil bo‘lsa-da, aholi tomonidan bildirilayotgan tashabbus va takliflar soni u qadar ko‘p emas. Odamlarda barcha yangiliklardan xabardorlik darajasi yuqori emasligi ham bor gap.
Moliya vaziri Timur Ishmetovga ko‘ra, fuqarolarda o‘z istaklarini ma’lum qilishda faollik yetishmayapti.
“Asosiy muammo va kamchiligimiz – portalning texnik imkoniyati bilan emas, bu aholi faolligining pastligi bilan bog‘liq. Odamlar “Ochiq budjet” portali orqali faolroq bo‘lishsa, portaldan to‘g‘ri foydalanilsa, muammolarni birgalashib hal qilsak bo‘ladi”, – dedi vazir yangilangan portal taqdimotida.
Portalga kirishni, internet ishlatishni bilmaydiganlar-chi?
Rasmiylarga ko‘ra, fuqarolarda “Ochiq budjet” portalidan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, ular o‘z takliflarini tegishli tuman (shahar) hokimligi moliya bo‘limida yozma ravishda qoldirishlari ham mumkin.
O‘sha takliflarni hokimlik mas’ul xodimi mustaqil ravishda “Ochiq budjet” axborot portaliga kiritadi.
Berilgan takliflarni amalga oshirishning umumiy qiymati belgilangan bo‘lib, xarajatlar bazaviy hisoblash miqdorining 4 ming barobaridan (980 mln so‘m) oshmasligi lozim. Mablag‘lar cheklangani bois, loyihalarni moliyalashtirish ham o‘ziga yarasha chegaraga ega.
Fuqarolar tomonidan ma’lum taklif ilgari surilar ekan, u jamoatchilikka ochiq taqdim etiladi. Loyihaga omma tomonidan ovoz beriladi. Har bir hududda eng ko‘p ovoz to‘plagan takliflar g‘olib deb topiladi va loyihalar berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib saralanadi, moliyalashtiriladi. Jarayonda voyaga yetgan har bir fuqaro ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, “Ochiq budjet” portalida budjet tashkilotlarining xarajatlari ijrosi, budjetdan tashqari mablag‘lar tushumi va xarajatlari, davlat xaridlari yuzasidan ma’lumotlarni tizimlashtirilgan holda tuman (shahar)lar kesimida joylashtirib boriladi.
Islombek Umaraliyev
Mavzuga oid
16:43 / 21.02.2023
O‘zbekistonda xodimlarning 28 foizi 1 mln so‘mgacha maosh oladi
15:07 / 06.02.2023
Muammolarni tezroq hal qilish imkoni: “Tashabbusli budjet” boshlandi
00:04 / 17.12.2022
Parlamentda 2023 yilgi davlat budjeti muhokamasi boshlandi
12:46 / 05.12.2022