«Oltin to‘p-2021» reytingi: Messidan haqliroq kim bor?
Dunyo futboli mana endi rosmana tanaffusga chiqdi. Albatta, bu katta o‘yinlargagina aloqador. Amalda, klublar yangi mavsum uchun tayyorgarlik jarayonlarini boshlab ulgurgan. Bir qator nazorat o‘yinlari ham bo‘lib o‘tmoqda. Yevropa chempionati va Amerika kubogi yakunlanishi barobarida «Oltin to‘p» uchun da'vogarlar ro‘yxatiga nazar tashlash o‘rinli bo‘ladi. «Goal.com» nashri har hafta yakunida reytingni yangilab bormoqda. Bu gal o‘zgarishlar sezilarli darajada.
10. Federiko Keza
Avvalgi o‘rni: 17
2021 yilda: 14ta gol, 5ta assist. Yevro-2020, Italiya kubogi va Superkubok g‘olibi.
Keza Italiya milliy jamoasida asosiy futbolchi sifatida guruh bosqichining 3-turidan e'tiboran o‘ynay boshladi. Ungacha o‘ng qanot vingeri pozitsiyasi Domeniko Berardiga ishonib topshirilayotgandi. Musobaqa davomida 2ta gol urishga erishgan Fede har ikkalasini ham o‘ta muhim pallalarda kiritdi.
Klubi bilan liga titulini yutgan taqdirda, uning imkoniyatlari yanada yuqoriroq bo‘lishi mumkin edi. Endi u Turinga milliy jamoa qahramoni sifatida boradi. Yangi bosh murabbiy Allegri unga alohida e'tibor qaratishi aniq.
9. Erling Holand
Avvalgi o‘rni: 9
2021 yilda: 25ta gol, 9ta assist. Germaniya kubogi g‘olibi.
Norvegiyalik futbolchi uchun 2020/2021 yilgi mavsum ancha avval yakunlanib ulgurgan. Ochig‘ini aytganda, u joriy mavsumda «Oltin to‘p»ni yuta olmasligi ancha avvaldan ma'lum edi. Biroq raqobatchilarining qit'a chempionatidagi omadsizliklari sabab u yakuniy reytingda top-10da qayd etilishi mumkin.
8. Krishtianu Ronaldu
Avvalgi o‘rni: 7
2021 yilda: 27ta gol, 4ta assist. Italiya kubogi va Superkubok g‘olibi.
Yevro-2020 to‘purari deb topilgan Krishtianuning reytingdagi holati bu bilan yaxshilanib qolmadi. Musobaqani juda erta yakunlagan portugallar yetakchisi bu yilgi «Oltin to‘p»dan umidini uzib qo‘ygan bo‘lsa ham, ajabmas.
Yangi mavsumni u katta ehtimol bilan turinliklar safida boshlaydi. Massimiliano Allegrining rejalarida 36 yoshli futbolchi qanchalik muhim o‘rin tutadi - buni oldindan aytish qiyin.
7. Kevin de Bryuyne
Avvalgi o‘rni: 6
2021 yilda: 10ta gol, 10ta assist. APL va Angliya kubogi g‘olibi.
Kevin ham ushbu reytingda bir pog‘ona pastladi. Jarohatlar bu mavsum uni ancha qiynab qo‘ydi. Aks holda, o‘ta kuchga to‘lgan «Manchester Siti» uning yordami bilan YeChLni yutishi mumkin edi. Yevropa chempionatiga ham mukammal formada yetib kela olmadi. Natijada, Belgiyaning safari ham chorakfinalda to‘xtadi.
6. Kilian Mbappe
Avvalgi o‘rni: 5
2021 yilda: 29ta gol, 7ta assist. Fransiya kubogi va Superkubok g‘olibi.
Kilian «FIFA» simulyatorining 2022 yildagi yuziga aylanadi. Biroq uning Parijda tashkil etiladigan «Oltin to‘p» topshirish marosimida yakuniy uchlikdan o‘rin olish imkoniyatlari juda ham pasayib ketdi. Ochig‘i, joriy mavsum u uchun eng yaxshi futbolchi unvonini olishga juda yaxshi imkoniyat hosil bo‘lgandi. Raqobatdoshlaridan hech biri mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkazgan taqdirda, unga qarshilik ko‘rsata olmasdi. Ammo Kilian ham jamoasi bilan liga chempionligini boy berdi. Chempionlar ligasida ham mag‘lub bo‘ldi. Yevropa chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirok ham uning imkoniyatlarini oshirib yuborishi mumkin edi. Xullas, Mbappe o‘ziga berilgan barcha imkoniyatlarni ko‘kka sovurdi. Fransiya kubogi «Oltin to‘p»ni berib yuborish uchun yetarli darajada katta musobaqa emas.
5. Romelu Lukaku
Avvalgi o‘rni: 4
2021 yilda: 22ta gol, 7ta assist. A Seriya chempioni.
A Seriya chempionligi «Inter» uchun uzoq kutilgan titulligi rost. Biroq bu «Oltin to‘p»ni Lukakuga berish uchun yetarli sabab emas. Yevro guruh bosqichidan so‘ng, uning bu yo‘ldagi imkoniyatlari oshib ketgandi. Sababi, unda jamoasini qit'a birinchiligi tomon yetaklab borish va Millatlar ligasini yutish imkoniyatlari bor edi. Ustiga ustak, Kevin de Bryuyne milliy jamoada ko‘ngildagidek o‘ynay olmayotgan edi. Italiyadan uchralgan mag‘lubiyat ortidan 28 yoshli forvardning «Oltin to‘p» uchun imkoniyatlari tushib ketdi.
4. Ngolo Kante
Avvalgi o‘rni: 3
2021 yilda: 1 assist. YeChL g‘olibi.
Yevropa chempionatidagi o‘yinlaridan so‘ng, Kantening «Oltin to‘p» haqidagi o‘ylari puchga chiqqandek. Yarimfinallar va finalning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan fransuz yarimhimoyachisi qit'a birinchiligida o‘sha tempda o‘ynay olmadi. Ha, muhim pallada u londonliklarga titul yutishga katta yordam berdi. Biroq yilning eng yaxshi futbolchisi unvoni 2-3ta o‘yinda yaxshi harakat qilgan futbolchiga berilmaydi. Barqarorlik - sportdagi asosiy baholovchi mezon!
3. Jorjino
Avvalgi o‘rni: 15
2021 yilda: 5ta gol, 2ta assist. YeChL va Yevro-2020 g‘olibi.
Ulkan sakrashni amalga oshirgan Jorjino reytingda nima sababdan uchinchi o‘rinda ekanligi tushunarli. Biroq u rostdan ham eng yaxshi futbolchi bo‘lish uchun nomzodmi? Taxminimizcha, yo‘q. U klubida 100 foiz almashtirib bo‘lmas futbolchi emas. Uning o‘rnida Kante va Kovachich uni tez-tez almashtirib turadilar. Mavsum davomida 28ta o‘yinda maydonga tushgani bunga isbot bo‘lishi ham mumkin.
2. Robert Levandovski
Avvalgi o‘rni: 2
2021 yilda: 34ta gol, 4ta assist. Bundesliga va Klublar o‘rtasidagi JCh g‘olibi.
Individual natijalaridan eng ko‘p qoniqish hosil qilgan futbolchi Levandovski bo‘lsa kerak. U milliy chempionatdagi gollar soni bo‘yicha Gerd Myuller rekordini yangiladi. Boshqa da'vogarlarning Yevropa chempionatidagi muvaffaqiyatsizliklaridan so‘ng, u Parijdagi podiumga borish uchun katta imkoniyatga ega bo‘lib oldi. Biroq endi uning oldida o‘ta jiddiy g‘ov paydo bo‘ldi.
1. Lionel Messi
Avvalgi o‘rni: 1
2021 yilda: 33ta gol, 14ta assist. Amerika kubogi va Ispaniya Qiroli kubogi g‘olibi
15 yillik orzu ushaldi. Bu nafaqat Leoning uzoq yillik orzusi edi. Messi milliy jamoa bilan titul yutishini argentinalik hujumchining millionlab muxlislari ham orziqib kutishdi.
Mavsum avvalidagi mojarolar va jamoadagi muammolarga qaramay, Messi «Barsa» bilan ham ajoyib mavsum o‘tkaza oldi. Kataloniyaliklar uchun u qadar omadli kechmagan yilda ham 6 karra «Oltin to‘p» sohibi fantastik ko‘rsatkichlarni qayd etib turibdi. 7-karra yilning eng yaxshisi bo‘lishdan uni kimdir to‘xtatib qola oladimi? Ushbu savolga javob olishimizga ham ko‘p vaqt qolmadi.
«Goal.com» reytingi asosida Abdulvosid Valixonov tayyorladi.
Mavzuga oid
14:33 / 30.07.2023
Suares 2024 yildan Messi bilan yana bir jamoada o‘ynaydi
13:10 / 20.05.2023
Messi va Maradona kashf etilgan turnir. Osiyo chempioni Argentinada tarixni yangilay oladimi?
18:48 / 21.11.2022
Messi va Ronalduning birgalikdagi surati fotoshop bo‘lib chiqdi
14:05 / 29.11.2021