Turnir tarixi va mezbonlik
Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati 1977 yildan buyon FIFA tomonidan o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan davr davomida har ikki yilda futbolga o‘nlab yangi yulduzlarni taqdim etgan musobaqa bu safar tarixda ilk marta – 4 yilda birinchi bor o‘tkazilmoqda. So‘nggi marta Ukrainaning chempionligi bilan yakunlangan 2019 yil Polshada o‘tgan yoshlar mundialidan keyin 2021 yil Indoneziya musobaqaga mezbonlik qilishi e’lon qilingan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli turnir bekor qilingan va navbatdagi JCh-2023 ushbu mamlakatda o‘tishi belgilangandi. Oxir-oqibat o‘tkazilishi 4 yilga cho‘zilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati 2023 yilning mart oyida Indoneziyadan tortib olindi. Bunga Isroilning mamlakatga kiritilishiga qarshi o‘tkazilgan ommaviy namoyishlar sabab bo‘ldi.
FIFA shoshilinch tarzda turnirga yangi mezbon izlashga tushdi va Argentina, Qatar hamda Peru musobaqa mezbonligi uchun ariza topshirdi. Turnir startidan bir oy avval JCh-2023 mezbonligi Argentinaga topshirilgani rasman e’lon qilindi. Shu tariqa, saralashdan JCh-2023ga yo‘llanma ololmagan Xaver Maskerano shogirdlari mezbonlik evaziga turnirda ishtirok etadigan bo‘ldi.
Argentina – ikkinchi mezbonlik va 6 karra g‘oliblik
Bu yilgi musobaqa bilan hisoblaganda Argentina – yoshlar o‘rtasidagi mundialga ikkinchi bor mezbonlik qilayotgan dastlabki mamlakatga aylandi. Kumushli o‘lkaning bu turnirga qiziqishi yuqori ekani bejizga emas. Argentina bungacha o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi 22ta jahon chempionatida 6 marta chempionlikni qo‘lga kiritib, bu borada ham rekordchi sanaladi.

Maradona va Messini kashf etgan musobaqa
Argentina U20 jamoasi turnirdagi ilk chempionlikni 1979 yil Yaponiyada o‘tgan musobaqada qo‘lga kiritgan. O‘shanda bu turnir futbol ommasiga Diyego Armando Maradonani tanitgan edi. 19 yoshli argentinalik forvard turnir finalida SSSR jamoasi darvozasini (3:1) ishg‘ol etib, Argentinani chempion qilgan va musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisiga aylangandi. Shu tariqa, Maradona zamonasining tengsiz o‘yinchisi bo‘lish uchun qadam tashlagandi.

2005 yil Niderlandiya maydonlarida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati esa futbol ommasiga yana bir bo‘lajak futbol qiroli – Lionel Messini tanitdi. Hali 18 yoshga to‘lmagan argentinalik kichik jussali forvard Argentina U20 jamoasining yaqqol yetakchisi sifatida mamlakatini finalga olib chiqdi va hal qiluvchi bahsda Nigeriya darvozasiga ikkita to‘p kiritib, jamoasiga chempionlikni (2:1) keltirdi. FIFA esa 6ta gol bilan turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan Messini musobaqaning eng yaxshi yosh o‘yinchisi deb topdi.





















