Iqtisodiyot | 11:05 / 16.07.2021
25407
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston portlarimiz orqali dunyoga chiqishi mumkin - Imron Xon

Pokiston bosh vaziri o‘zi va hukumati «Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar» temir yo‘l loyihasini amalga oshirishda ko‘makchi bo‘lishini ma'lum qildi.

O‘zbekiston va Pokiston yetakchilarining muzokaralari yakunlari bo‘yicha 15 iyul kuni Ko‘ksaroy qarorgohida OAV vakillari uchun brifing o‘tkazildi. 

O‘zaro muzokaralarning iqtisodiy jihatlariga to‘xtalgan Imron Xon har ikki davlat bir-biri uchun zarur hamkor ekanligini bildirdi.

«Mamlakatingiz bilan savdo aloqalari biz uchun juda muhim, chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng yirik davlati hisoblanadi. Tashrif buyurgan 130 kishilik delegatsiyamiz vakillari orasida yirik tadbirkorlar ham bor. Safarim chog‘ida yana ko‘plab biznesmenlar menga telefon orqali murojaat qilishdi va O‘zbekiston bilan hamkorlikdan mamnun ekanliklarini bildirishdi. 

Bizga O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi qishloq xo‘jalik texnikasi va dastgohlari juda qiziq. Shuningdek, paxta urug‘i olish masalasini ham muhokama qilyapmiz. Pokiston esa O‘zbekiston uchun 220 mln kishilik juda ulkan bozor. Portlarimiz orqali Yaqin Sharq, Afrika davlatlari, munosabatlarimiz tiklansa Hindiston bozoriga chiqishingiz mumkin.

O‘zaro aloqalarni parvozlarni ko‘paytirish, transport qatnovini kengaytirish orqali mustahkamlashimiz lozim. Pokiston chegarasidan sinov tariqasida yo‘lga chiqqan yuk mashinasi 2 kun ichida O‘zbekistonga yetib kelgan va bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

Prezident do‘stim Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi bo‘lgan «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘liga kelsak, biz bu loyiha samaradorligiga ishondik. Men va mening hukumatim bu g‘oyani to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz hamda amalga oshishida ko‘makchi bo‘lamiz.

Mirzo Bobur haqida badiiy film suratga olish g‘oyasini ham qo‘llab quvvatlaymiz. Boburiylar sulolasining Pokiston tarixidagi o‘rni ham beqiyos. Bu sulola hozirgi Pokiston va boshqa bir qancha davlatlar kirgan va ulkan hudud bo‘lgan qadimiy Hindistonni boshqargan paytlarida bu davlat yalpi ichki mahsuloti jahon YaIMining 25 foizini tashkil qilgan», deya Imron Xonning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bunga javoban prezident Mirziyoyev uyg‘un tarixni yoshlarga kengroq o‘rgatish zarurligini ta'kidladi.

Mavzuga oid