O‘zbekiston | 07:53 / 22.07.2021
9403
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasida yangi kotibiyat tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri birinchi o‘rinbosarining funksional vazifalari to‘g‘risidagi hamda Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy, kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyati to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ma'qullaganidan keyin kiritilgan tasdiqnomasiga binoan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Prezidentga, Oliy Majlis palatalariga va Bosh vazirga hisobot beradi.

Bosh vazir birinchi o‘rinbosarining faoliyati quyidagi masalalarni hal etishga yo‘naltirilgan:

  • hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etish;
  • uy-joy, kommunal xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish;
  • muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini, shuningdek transport kommunikatsiyalarini modernizatsiyalash;
  • kapital qurilish sohasidagi islohotlar va pudrat ishlari dasturlarining izchil amalga oshirilishini ta'minlash;
  • qurilish va arxitektura sohasidagi ishlar sifatini nazorat qilish.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari maqomiga ko‘ra O‘zbekiston Hukumatining a'zosi hisoblanadi va Vazirlar Mahkamasi Rayosati tarkibiga kiradi. U Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida bevosita ishtirok etadi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy, kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyatiga rahbarlik qiladi hamda Kotibiyat rahbarlari va mutaxassislari ishlarini tashkil etadi.

Kotibiyat Vazirlar Mahkamasining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

Kotibiyat faoliyati hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasini, uning Rayosatini, shuningdek Vazirlar Mahkamasini axborot-tahliliy ta'minlashga yo‘naltiriladi.

Kotibiyat o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha Bosh vazirning birinchi o‘rinbosariga bo‘ysunadi, uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

Mavzuga oid