Jahon | 15:53 / 02.08.2021
9592
2 daqiqa o‘qiladi

Sobyanin mehnat migrantlari yetishmovchiligi inflatsiyaga sabab bo‘lganini aytdi

O‘tgan yil oxirida pandemiya sababli Rossiyadagi mehnat migrantlari soni bir yarim baravarga kamaygani aytilgandi.

Foto: Vedomosti

Inflatsiya o‘sishi sabablaridan biri mehnat migrantlarining Rossiyadan ketib qolishidir. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin RBKga bergan intervyusida aytdi.

Uning aytishicha, o‘tgan yili koronavirus cheklovlari sababli qurilish ishlarining qariyb ikki oyga to‘xtab qolishi natijasida qurilish kompaniyalari ko‘plab mehnat migrantlarini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lgan va xorijliklar Rossiyani tark etgan.

«Haqiqatan ishchi kuchi taqchilligi paydo bo‘ldi. Anchagina. Ikki yuz ming atrofida deb o‘ylayman. Bir qismi kommunal, bir qismi xizmat ko‘rsatish va savdo sohasida. Buning ortidan ishchi kuchi narxining o‘sishi kuzatildi va qolgan narsalar ham osha boshladi. Chunki mehnat samaradorligi va yakuniy mahsulot ishlab chiqarilishi o‘smasdan oylik maosh o‘sishi nimaga olib kelishini har qanday iqtisodchi ayta oladi. Shuning uchun inflatsiya kuchayishini ko‘rmoqdamiz», — dedi Sobyanin.

O‘tgan yil oxirida pandemiya sababli Rossiyadagi mehnat migrantlari soni bir yarim baravarga kamaygani aytilgandi. Mamlakatda odatda 9 mln atrofida xorijlik bo‘lsa, 2020 yil oxiriga kelib ular soni 6 mln nafarga tushib qolgan.

Ishchi kuchi yetishmovchiligi muammosiga ham xususiy, ham davlat kompaniyalari duch kelgan. Xususan, mehnat migrantlari taqchilligi tufayli BAM va Transsibdagi qurilishlarda mahkumlardan foydalanish taklif qilingan.

Mavzuga oid