Jahon | 19:52 / 03.08.2021
6552
2 daqiqa o‘qiladi

Belaruslik yengil atletikachi Kristina Timanovskaya Varshavaga uchib ketdi

Polshaning LOT aviakompaniyasi samolyoti o‘z bortida belaruslik yengil atletikachi Kristina Timanovskaya bilan Tokioning Narita aeroportidan Varshavaga uchib ketdi. Avvalroq Olimpiada ishtirokchisi bo‘lgan Timanovskaya belaruslik sport amaldorlarini tanqid qilgandan keyin Tokiodan Minskka majburan olib chiqib ketilmoqchi bo‘lgan.

Timanovskaya reysga VIP-terminal orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Sportchi Tokiodagi oxirgi 2 kunni o‘tkazgan Polsha elchixonasidan aeroportga politsiya mashinasida keltirilgan.

Olimpiadada 100 metr va 200 metr masofalarga yugurish musoqabalarida qatnashishi kerak bo‘lgan sportchi uning roziligisiz 4x400 metr estafetaga qo‘yilgani uchun yengil atletika bo‘yicha milliy terma jamoa murabbiylar shtabini ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilgan.

Shundan keyin Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasi 1 avgustda mamlakatning yengil atletika bo‘yicha murabbiylar shtabi Timanovskayani “ruhiy-emotsional holati” sababli uyga qaytarishga qaror qilganini ma'lum qilgan. Muxolifatdagi Belarus sport birdamligi jamg‘armasi vakillari Timanovskaya Tokiodan Minskka majburan olib chiqib ketilayotganini ma'lum qilishgan. Shundan keyin sportchi o‘z hayoti uchun xavotirini va Yevropada boshpana so‘ramoqchiligini ma'lum qilgan. Bundan tashqari, yengil atletikachi Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasidan vaziyatga aralashishni so‘ragan. Uning ta'kidlashicha, unga bosim o‘tkazilgan va uni Yaponiyadan majburan olib chiqib ketmoqchi bo‘lishgan.

2 avgustda Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marchin Pshidach Timanovskaya Polshaning gumanitar vizasini olganini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasi Timanovskaya atrofidagi vaziyatni kuzatmoqda va bu masalada Tokio-2020 tashkiliy qo‘mitasi va XOQ bilan hamkorlik qilmoqda.

Mavzuga oid