O‘zbekiston | 15:37 / 05.08.2021
5421
2 daqiqa o‘qiladi

Deputat saylovlarni bir necha kun davomida o‘tkazishni taklif qildi

“Adolat” SDPning 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari plenumida partiya vakili, Oliy Majlis deputati Qodir Jo‘rayev qator takliflar bilan chiqdi.

Qodir Jo‘rayev

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat jiddiy saylovlar oldida turibdi. 

“Ma'lumki, ikki yildan beri davom etayotgan pandemiya dunyoning hamma davlatlariga zarar keltirdi. Shunga qaramay, bu vaqt oralig‘ida jahonning 40dan ortiq davlatlarida saylovlar bo‘lib o‘tdi.

Men partiyamiz nomidan bir taklifni ilgari surish tarafdoriman. Pandemiya davrini hisobga olib, saylovlarni faqat 24 oktyabrda emas, bir necha kun davomida o‘tkazish taklifini Markaziy saylov komissiyasiga kiritsak. Shunda tirbandliklarning, odamlar bir joyda to‘planib qolishining, ya'ni kasallik tarqalishining oldi olinardi”, – dedi Qodir Jo‘rayev.

Kun.uz bilan suhbatda Qodir Jo‘rayev bu taklif avval muhokama qilinishi, shundan keyingina Markaziy saylov komissiyasiga kiritilishini bildirdi. 

“Bu borada yakuniy qaror qabul qilish Markaziy saylov komissiyasining vakolatida”, – dedi Oliy Majlis deputati.

Ma'lumot uchun, “Adolat” SDPning navbatdan tashqari plenumida prezidentlik saylovlariga partiya rahbari Bahrom Abduhalimovni nomzod sifatida ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi.

Mavzuga oid