Jahon | 11:02 / 06.08.2021
4392
2 daqiqa o‘qiladi

Virgin Galactic fazoviy parvozlarga chiptalar sotishni boshladi

Foto: Virgin Galactic

Britaniyalik milliarder Richard Brensonga tegishli Virgin Galactic kompaniyasi fazoviy parvozlarga chiptalar sotishni boshladi. Kompaniyaning 2021 yil 2-choragi uchun moliyaviy hisobotida chipta narxi 450 ming dollardan boshlanishi aytilgan.

Hisobotga ko‘ra, fazoga uchishni istovchilarga uch turdagi chipta taklif etiladi: bir o‘rinli, juftliklar, oilalar va do‘stlar uchun ko‘p o‘rinli hamda reysdagi barcha o‘rinlarni sotib olishga imkon beruvchi paket. 

Kompaniya matbuot xizmatida Unity raketoplanida amalga oshiriladigan keyingi parvoz sentabr oxiriga belgilangani va unga barcha chiptalarni Italiya harbiy-havo dengiz kuchlari sotib olgani ma'lum qilingan.

Unity uchog‘ida fazoviy parvozni birinchi bo‘lib 11 iyulda Virgin Galactic asoschisi Richard Brenson amalga oshirdi. U bilan birga fazoga astronavtlar Sirisha Bandla, Kilin Bennet va Bett Mozes yo‘l olgan, kemani esa uchuvchilar Deyv Makkay va Maykl Masuchchi boshqargan. Ular 86 km balandlikka ko‘tarilishgan. Bu parvoz tarixdagi ilk xususiy fazoviy parvoz bo‘lgan.

Ushbu parvozdan bir necha kun o‘tib amerikalik milliarder, Amazon asoschisi Jyeff Bezos o‘ziga tegishli Blue Origin kompaniyasi ishlab chiqqan New Shepard kemasida 3 hamroh bilan birga Brenson ortidan fazoga uchdi. Kema 107 km balandlikka ko‘tarilgan va bunda uning tezligi 3595 km/soatga yetgan. Parvoz 10 daqiqa 10 soniya davom etgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid