Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ippologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi
Prezident tomonidan “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.
O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi huzuridagi Naslli, sport va tozaqonli otlarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha innovatsion seleksiya-genetika markazi tarkibida Ippologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi. U otlarning anatomiyasi, fiziologiyasi, ko‘paytirish biologiyasi, zotlarni o‘zgartirish va boshqa masalalarni ilmiy tomonidan o‘rganuvchi ixtisoslashtirilgan ilmiy tashkilot hisoblanadi.
Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab har yili an'anaviy tarzda:
- ot sportining ot yo‘rttirish turi bo‘yicha Toshkent viloyatida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun”, ot sportining to‘siqlardan sakrash (konkur) turi bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida “Qarshi Open”, Toshkent shahrida “Millatlar kubogi” xalqaro turnirlari;
- zamonaviy beshkurash bo‘yicha Toshkent shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun”, “Tashkent Open”, “Central Asian Cup”, ushbu sport turining lazer-ran yo‘nalishi bo‘yicha “Central Asian Championship” xalqaro turnirlari;
- polo bo‘yicha Toshkent viloyatida “Amirsoy-Polo Cup”, Qashqadaryo viloyatida “Kok-Saray Cup”, Toshkent shahrida “Tashkent Open” xalqaro turnirlari tashkil qilinadi.
2022 yil 1 sentyabrga qadar:
- “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi;
- “O‘zsanoatqurilishmateriallari” AJning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida 30 o‘rinli zamonaviy otxona binosi va ochiq sport maneji barpo etiladi;
- “O‘zbekneftgaz” AJning homiylik xayriya mablag‘lari hisobidan Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hududida sportchilarning shug‘ullanishi, yashashi uchun sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy 2 qavatli binoni qurib foydalanishga topshiriladi hamda ushbu binoga tekin foydalanish huquqi asosida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi joylashtiriladi.
Ot sporti, zamonaviy beshkurash va polo bo‘limlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan inventarlar, sport kiyimlari, sport otlari, naslli mahsulotlar (materiallar), ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, vitaminlar, veterinariya dori vositalari, uskunalar va materiallar, otlarni tashishga mo‘ljallangan yangi maxsus avtotransport (konevoz) vositalari va tirkamalar, lazerli to‘pponcha va nishonlar, polo tayog‘i 2024 yil 1 iyulga qadar bojxona bojidan ozod etiladi.
Mavzuga oid
16:45 / 12.02.2026
Ot sporti federatsiyasi raisi BAAdagi musobaqada 1-o‘rinni oldi
19:12 / 26.06.2023
Milliy gvardiyaning ot sporti maktabiga 200 ming dollarlik otlar xarid qilinadi
08:18 / 07.10.2021
Ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi «Millatlar kubogi»ning final bosqichida qatnashdi
16:47 / 30.07.2021