11–15 fevral kunlari BAA poytaxti Abu-Dabida nufuzli xalqaro CSI5* ot sporti musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu turnir dunyo miqyosida eng yuksak musobaqalar qatoriga kirib, eng kuchli chavandozlar va elita otlarni bir maydonga jamlaydi.

Musobaqa oldidan O‘zbekiston terma jamoasi otlari majburiy vet-chekdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu ularning yuqori darajadagi tayyorgarligi va mukammal sog‘lig‘ini tasdiqlab, musobaqalarda xavfsizlik va halollikni kafolatlaydi.

O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev CSI2* Al-Khail Square Cup yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi. 130 sm balandlikdagi to‘siqlarda u o‘zining aniqligi, tezligi va yuqori sport mahorati bilan 60 dan ortiq kuchli raqiblarni ortda qoldirdi.

Germaniya, AQSh, Italiya, Braziliya, Gretsiya va boshqa davlatlardan kelgan yetakchi chavandozlar ishtirokidagi musobaqada ushbu g‘alaba O‘zbekiston ot sportining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yana bir bor tasdiqladi.