Jahon | 08:06 / 17.08.2021
14293
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya va Germaniya samolyotlari Kobul aeroportiga qo‘na olmadi

Foto: EPA/Vostock-photo

Chexiya va Germaniya tomonidan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun Afg‘onistonga jo‘natilgan samolyotlar 16 avgust kechki payt Kobul aeroportiga qo‘na olmadi. Bunga aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi Afg‘onistonni tark etishni istayotgan odamlar bilan to‘lib-toshgani sabab bo‘lgan.

Natijada Chexiyaning Afg‘onistonga jo‘natilgan 2 ta samolyoti Ozarboyjonga jo‘nashga majbur bo‘lgan.

DPA axborot agentligining xabar berishicha, Germaniyaning 2 ta A400M harbiy transport samolyoti ham Kobulga qo‘na olmagach, O‘zbekistonga yonilg‘i quyish uchun ketishga majbur bo‘lgan.

Ta'kidlanishicha, samolyotlar Kobul ustida qo‘nish uchun qulay vaziyatni poylab ma'lum vaqt uchib yurgan, biroq oxir-oqibat u yerdan ketishga majbur bo‘lgan.

Afg‘onistonda hokimiyatni toliblar egallagandan keyin 16 avgustda Kobul aeroportida mamlakatni tark etishni istovchi yuzlab odamlar to‘plandi. Ular uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqib, AQShning uchish uchun harakatni boshlagan samolyotiga chiqib olish ilinjida uning ortidan yugura boshlashgan.  

Keyinroq odamlar aeroportdan uchib ketayotgan samolyot qanotlariga chiqib olgani videolari paydo bo‘lgan. OAVning ma'lum qilishicha, aeroportda yuzaga kelgan betartiblik vaqtida kamida 7 kishi halok bo‘lgan.

Natijada aeroportdan samolyotlar uchishini to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan.

Ayni vaqtda aeroportdagi xavfsizlik amerikalik harbiylar tomonidan ta'minlanmoqda. Shuningdek, u yerda britaniyalik harbiylar ham bor. Ularga Kobuldan xorijiy fuqarolar va mamlakatni tark etishni istayotgan afg‘onlarning tezkorlik bilan evakuatsiyasini amalga oshirish vazifasi yuklangan.

Avvalroq Germaniya kansleri Angela Merkel Germaniya Afg‘onistondan 10 mingga yaqin odamni olib chiqishi kerakligini aytgandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid