Jahon | 17:48 / 17.08.2021
52385
4 daqiqa o‘qiladi

Toliblarga avvalgi hukumatdan qanday iqtisodiyot meros bo‘lib qoldi?

Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan «Tolibon» hajmi 20 mlrd dollardan kamroqni tashkil etuvchi iqtisodiyotga ega bo‘ldi.

Foto: Rahmat Gul / AP

RBK nashri Afg‘oniston iqtisodiyotiga oid ma'lumotlarni taqdim etdi.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2003-2012 yillarda Afg‘oniston iqtisodiyotining o‘sishi o‘rtacha 9,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015-2020 yillarda o‘rtacha yillik o‘sish 2,5 foizga tushib ketdi. O‘tgan yili Afg‘oniston YaIM 5 foizga tushdi, deb baholadi Osiyo taraqqiyot banki.

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilda aholisi 40 mln nafarga yaqin bo‘lgan Afg‘oniston iqtisodiyoti 19,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu 3,3 mln kishi yashaydigan Bosniya va Hersegovinaniki bilan teng va 30 mln kishilik Yaman (23,5 mlrd dollar) yoki 500 mingga yaqin kishi yashaydigan Islandiyanikidan (21,7 mlrd dollar) kam.

Afg‘oniston aholi jon boshiga YaIM bo‘yicha eng qashshoq davlatlardan biri – 509 dollar. Rasmiy ma'lumotlarda aytilishicha, Afg‘oniston YaIMning 27 foizini qishloq xo‘jaligi, 12,5 foizini sanoat va 56 foizini xizmat ko‘rsatish sohasi ta'minlaydi.

Xalqaro yordam

Avgust boshlarida Xalqaro valuta jamg‘armasi barcha mamlakatlar uchun 650 mlrd dollar mablag‘ ajratilishini ma'qulladi. Afg‘onistonga bu mablag‘dan 455 mln dollar tegadi. 13 avgust kuni XVJ vakili tashkilot Afg‘onistondagi voqealarni diqqat bilan kuzatib borishini aytdi.

Pandemiya ta'siri

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 146 ming kishida koronavirus aniqlangan, 6,6 mingga yaqin bemor vafot etgan. Ammo BMTning ma'lumot berishicha, pandemiya davrida atigi 700 ming kishidan koronavirusga test olingan – bu aholi soniga nisbatan juda oz foizni tashkil etadi.

Tashqi qarz

Afg‘oniston markaziy banki ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yil o‘rtalarida mamlakatning tashqi qarzi 2,14 mlrd dollar atrofida bo‘lgan. 

XVJ, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi institutlardan qarzi qariyb 1,2 mlrd dollarni tashkil etgan.

Xalqaro rezervlar

2021 yil aprel oyi oxiriga Afg‘onistonning xalqaro rezervlari 9,4 mlrd dollarni tashkil etdi, deyiladi XVJ hisobotida. Uning 1,3 mlrd dollarga yaqini oltinda saqlanadi.

Endilikda bu rezervlar «Tolibon» ixtiyoriga o‘tishi kutilmoqda. Ammo toliblar xorijda saqlanayotgan rezervlarni olish imkoniyatiga ega emas, chunki ularga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy etilgan.

Eksport va import

2019 yilda mamlakat tovar eksportining umumiy hajmi 870 mln dollarni tashkil etgan, deb ko‘rsatilgan Jahon banki ma'lumotlarida.

Shu bilan bir vaqtda, import anchagina yuqori 8,6 mlrd dollarga yaqin. Eng yirik import hajmi torf, neft mahsulotlari, o‘simlik moylariga to‘g‘ri keladi. Asosiy savdo hamkorlari — Hindiston, Pokiston, Eron, Turkiya.

Barqaror rivojlanish maqsadlari

Afg‘onistonda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hisobotga ko‘ra:

2020 yilda qashshoqlik darajasi 2017 yildagi 54,5 foizdan 47,1 foizga tushgan;

2020 yilda aholining bazaviy tibbiy xizmatlar bilan qamrab olinishi 2013 yildagi 60 foizdan 85 foizga yetgan.

Toliblarning noqonuniy iqtisodiyoti

Vashington xalqaro munosabatlar markazining turli hisob-kitoblariga ko‘ra, «Tolibon» harakati jinoiy sohalar (ko‘knori yetishtirish va giyohvand moddalar savdosi, nazorati ostidagi hududlardagi tijoriy faoliyatdan yig‘imlar va boshqalar) orqali yiliga 300 mln dollardan 1,6 mlrd dollargacha daromad topadi. 

BMTning ma'lumot berishicha, «Tolibon» oxirgi yillarda foydali qazilmalar qazib olishdan 460 mln dollarga yaqin daromad olgan.

Mavzuga oid