Jahon | 23:00 / 20.08.2021
25852
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko prezident lavozimidan ketmoqchiligini ma'lum qildi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘z lavozimidan ketmoqchiligini va “juda bo‘lmasa bir necha yil odamlarga o‘xshab yashamoqchiligini” ma'lum qildi.

Foto: BelTA

“Rostini aytsam, men bir necha yil bo‘lsa ham odamlarga o‘xshab normal yashamoqchiman. Axir men bunday hayotni ko‘rmaganman ham”, deb aytgan kuch tuzilmalari vakillariga davlat mukofotlari topshirilishi marosimida Lukashenko.

U shu so‘zlari bilan mamlakatga umrining oxirigacha rahbarlik qilishni istayotgani haqidagi mish-mishlarga izoh bergan. 

Lukashenko uni hattoki kichik rahbar ham tushunishini aytgan. Uning ta'kidlashicha, Belarus prezidenti hayoti “bu ertalabdan kechgacha haddan tashqari og‘ir yuk va bosimdir”. 

Lukashenko Afg‘onistondagi vaziyatga ham izoh berib o‘tgan. U Afg‘onistonda yuz bergan voqealar g‘arb demokratiyasining asl mohiyatini ko‘rsatganini aytgan va belaruslarni bundan saboq chiqarishga chaqirgan.

“Ular asl basharasini ko‘rsatdi. Agar o‘tgan yil ham biz bilan shunday “blitskrig”ni (tezkor urush) amalga oshirishganda, bizda ham shunday hodisalar yuz berishi mumkin edi. Shu sababli bundan saboq chiqarish lozim”, deb aytgan Belarus rahbari.

U Afg‘onistondan AQSh samolyotlari qanotlari, shossilariga chirmashib ketmoqchi bo‘lgan, biroq balandlikdan yiqilib halok bo‘lgan afg‘onlar videosini eslab o‘tgan. “Mana ularning demokratiyasi”, deb kinoya qilgan Lukashenko.

U Belarusdagi vaziyatni izdan chiqarish sababi tushunarli ekanini aytgan. “Buning sababi moddiy manfaat – xalq, davlat mulkini o‘zaro bo‘lishib, uni sotishdir”, deb ta'kidlagan Belarus rahbari.

Mavzuga oid